Rossiyaning Arxangelsk shahrida 22 yoshli o‘zbekistonlik yigit qurilish ishlari vaqtida baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fojea joriy yilning 1-oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan 2003 yilgi fuqaro N.S. “Koritsa” turarjoy majmuasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari chog‘ida balandlikdan — binoning 5-qavatidan pastga tushib ketgan. Og‘ir jarohatlar natijasida u voqea joyida vafot etgan.
Bu haqda “Bosh konsulxona Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Arxangelsk viloyatidagi vakolatxonasiga rasmiy nota yubordi”, deb xabar berdi diplomatik vakolatxona. Voqea yuzasidan hozirda tegishli organlar tomonidan huquqiy choralar ko‘rilmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa bo‘yicha Arxangelsk shahri Solombal okrugi tergov bo‘limi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 216-moddasi 2-qismi asosida — qurilish va boshqa ish jarayonlarida xavfsizlik qoidalarini buzish bilan bog‘liq modda bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atgan. Tergov ishlari hozirda faol davom ettirilmoqda.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni o‘z nazoratiga olganini, marhumning yaqinlariga zarur konsullik yordami ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham shunga o‘xshash fojea qayd etilgan edi — 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Sankt-Peterburg shahrida Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi va sud departamenti qurilish maydonida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Mehnat muhoҷirlari bilan bog‘liq bu kabi holatlar yana bir bor chet elda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini ko‘rsatmoqda. Tashqi mehnat faoliyatida ish beruvchilar va mas’ul tashkilotlar tomonidan ishchilarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish muhim vazifa ekanligi yana bir bor yodga solindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!