Xitoydagi chakana savdo do‘konida noodatiy voqea sodir bo‘ldi — xaridor tasodifan iPhone 17 Pro smartfonini tushirib yubordi va uning korpusiga yetkazilgan mayda shikast uchun jarima to‘lashga majbur bo‘ldi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak qurilmani ko‘rib chiqqandan so‘ng uni demonstratsiya stendiga qayta joylashtirmoqchi bo‘lgan. Biroq u beixtiyor telefonni qo‘lidan tushirib yuborgan. Taxminan 5 santimetr balandlikdan stol ustiga tushgan smartfonning korpusida kichik chuqurcha paydo bo‘lgan.
Shu sababli, do‘kon ma’muriyati xaridordan 200 yuan (taxminan 28 dollar) miqdorida kompensatsiya to‘lashni so‘ragan. Bu holat internetda tez tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
“Eng qizig‘i, bu voqea Apple Store’da emas, balki oddiy chakana savdo nuqtasida bo‘lgan. Apple ochko‘zlikda ayblanadi, lekin bu darajada emas. Ammo bunday hodisalar do‘konning obro‘siga ta’sir qilishi mumkin”, — deydi bloger Romansev.
Ma’lumki, Apple kompaniyasi joriy yil 9-sentyabr kuni o‘zining yangi avlodi — iPhone 17, iPhone Air hamda iPhone 17 Pro va Pro Max modellarini taqdim etgan edi.
iPhone 17 Pro va Pro Max bu yil yangicha korpus bilan ishlab chiqarildi — ilgari qo‘llanilgan titan o‘rniga alyuminiy asosli yaxlit metall konstruksiya qo‘llanilgan. Ammo bu material o‘zini kamroq bardoshli deb namoyon qildi: u tirnalish va mayda deformatsiyalarga tezroq moyil ekani ma’lum bo‘ldi.
Ayni shu sababli, dastlabki xaridorlar smartfonni g‘ilofsiz ishlatganda korpusda paydo bo‘layotgan mayda izlar va chuqurchalardan shikoyat qilmoqda.
Bundan avval mashhur texnobloger ham iPhone Air modelining mustahkamligini sinovdan o‘tkazib, uning juda nozik ekanini ta’kidlagan edi. Korpus qalinligi atigi 5,6 millimetr bo‘lgan bu gadjet dunyodagi eng yengil va yupqa smartfonlardan biri sifatida baholangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!