date

Xitoy olimlari ilk bor cho‘chqa jigarini insonga ko‘chirdi

Xitoy olimlari ilk bor cho‘chqa jigarini insonga ko‘chirdi

Xitoy tibbiyoti dunyo miqyosida yangi va tarixiy qadam tashladi. Shensi provinsiyasida joylashgan Xijing kasalxonasi shifokorlari tibbiyot tarixida ilk bor genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqa jigarini inson organizmiga muvaffaqiyatli ravishda ko‘chirib o‘tkazishdi. Bu haqda China Daily va Global Times nashrlari ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya klinik jihatdan o‘lik deb hisoblangan bemorda o‘tkazilgan. Tibbiy jamoa bemorning o‘z jigarini olib tashlab, uning o‘rniga genetik modifikatsiya qilingan cho‘chqa jigarini joylashtirgan.

Olimlar ta’kidlashicha, bu organ inson qoni bilan to‘liq ta’minlangan, safro ishlab chiqara boshlagan va o‘zining fiziologik funksiyalarini muvaffaqiyatli bajargan. Eng muhim jihati — bemorning immun tizimi cho‘chqa organiga nisbatan rad javobini (hiperakut reaksiyani) namoyon etmagani. Bu tibbiy tarixda kamdan kam kuzatiladigan holat hisoblanadi.

Operatsiya davomida barcha hayotiy ko‘rsatkichlar — qon aylanishi, jigarning faoliyati va moddalar almashinuvi — barqaror bo‘lgan. Jarayondan keyingi 10 kun davomida bemor maxsus tibbiy kuzatuv ostida saqlangan va barcha natijalar tibbiy komissiya tomonidan hujjatlashtirilgan.

Ekspertlarning fikricha, bu amaliyot xenotransplantatsiya (ya’ni hayvon organlarini inson tanasiga ko‘chirib o‘tkazish) sohasidagi katta yutuq hisoblanadi. U kelgusida inson organlariga bo‘lgan katta ehtiyojni kamaytirishi va jigar yetishmovchiligi bilan og‘rigan minglab bemorlar hayotini saqlab qolishda yangi imkoniyat yaratishi mumkin.

Xitoy olimlarining bu tajribasi nafaqat milliy ilmiy salohiyatni, balki tibbiyot sohasidagi yangi bosqichni ham namoyon etdi. Mutaxassislar fikricha, ushbu natija kelgusida boshqa ichki organlar — buyrak, yurak yoki o‘pka kabi a’zolarni ham hayvonlardan insonga ko‘chirish imkoniyatini ochishi mumkin.

Shu tariqa, Xijing kasalxonasida amalga oshirilgan ushbu operatsiya tibbiyot tarixida yangi sahifa ochdi va inson hayotini saqlab qolish yo‘lidagi ilmiy izlanishlar uchun katta umid uyg‘otdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy olimlari ilk bor cho‘chqa jigarini insonga ko‘chirdi