YouTube “Second Chance” (“Ikkinchi imkoniyat”) nomli yangi dasturni e’lon qildi, deb xabar berdi kompaniyaning rasmiy blogida. Unga ko‘ra, kanallari bloklangan ijodkorlar bloklangandan bir yil o‘tgach, o‘z faoliyatini qayta tiklash uchun ariza topshirishi mumkin bo‘ladi.
Bu apellyatsiya emas, balki qoidalarni buzgan va shikoyat imkoniyatini tugatgan foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan tashabbusdir. Arizalar har bir holat bo‘yicha alohida ko‘rib chiqiladi — blogerning oldingi xatolari va YouTube hamjamiyati qoidalari inobatga olinadi.
Ariza qabul qilingan taqdirda, ijodkor yangi kanal ochib, ilgari yaratilgan videolarini qayta joylashtirishi hamda pul ishlashni davom ettirishi mumkin. Biroq dastur mualliflik huquqini buzgan foydalanuvchilarga tatbiq etilmaydi.
YouTube ma’lumotiga ko‘ra, dastur haqidagi xabarlar yaqin oylarda YouTube Studio orqali foydalanuvchilarga yetkaziladi. Bu tashabbus Google’ning AQSH kongressmeni Jim Jordanga yo‘llagan maktubidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Kompaniya bloklash siyosati va ma’lumotlar haqqoniyligini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!