Futbolchini maydon tekislovchi mashina bosib ketdi (video)

Futbolchini maydon tekislovchi mashina bosib ketdi (video)

Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Andros Taunsend Tailand chempionatidagi o‘yin oldidan kutilmagan hodisaga duch keldi. Bu haqda Life xabar berdi.

35 yoshli futbolchi «PT Prachuap» safida «Pattani»ga qarshi uchrashuvning tanaffusida jamoadoshlari bilan qizish mashqlarini bajarayotgan edi. Shu paytda maydonni tekislash uchun texnika stadionga kirib kelgan.

Taunsend to‘p uchun harakatlanib, orqaga chekinayotgan vaqtida maydon tekislovchi mashinaning yo‘liga chiqib qolgan. Texnika uni urib yuborgan va g‘ildiragi futbolchining oyoqlari ustidan deyarli beligacha bosib o‘tgan. Haydovchi mashinani to‘xtatib, futbolchini texnika ostidan chiqarishga yordam bergan.

Hodisa vaqtida Taunsendning chap oyog‘i qisqa muddat mashina ostida qolgan. Biroq futbolchi jiddiy jarohat olmagan, faqat yengil shikast va ko‘karishlar bilan qutulgan.

Eng qizig‘i, Taunsend voqeadan keyin ham qizish mashqlarini davom ettirgan va uchrashuvning 93-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan. «PT Prachuap» o‘yinda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Keyinchalik futbolchi voqeani hazil bilan qabul qilib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu holatni “Stoke City”ga qarshi safardagi o‘yinlar unchalik yomon emasligini anglatganini kinoya bilan yozgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar