Xitoy qayta tiklanadigan energiya sohasida yana bir jahon miqyosidagi rekordni o‘rnatdi. Mamlakat Moskvaning yarmiga teng hududni qamrab olgan ulkan quyosh energiyasi fermasini barpo etdi. Bu haqda “The New York Times” nashri ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tibet platosidagi Talatan quyosh paneli dengiz sathidan qariyb 3 kilometr balandlikda joylashgan bo‘lib, u yerda 420 kvadrat kilometr maydonni egallagan quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu hudud dunyodagi eng katta va eng yuqorida joylashgan quyosh energiyasi markazlaridan biriga aylandi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, quyosh fermasi uchun tanlangan joy tabiiy jihatdan benazir — bu yerda havo nozik, harorat past va quyosh nurlari juda yorqin, bu esa energiya samaradorligini bir necha barobar oshiradi. Shuningdek, shamol turbinalari ham quyosh energiyasini to‘ldirish maqsadida yaqin atrofdagi cho‘l va tog‘ tekisliklariga o‘rnatilgan.
Talatan loyihasi doirasida gidroelektr to‘g‘onlar ham qurilgan bo‘lib, ular tog‘li daryolar bo‘ylab joylashgan. Yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari orqali esa bu toza energiya 1600 kilometrdan ortiq masofadagi shahar va zavodlarga yetkazib beriladi.
Xitoy hukumati bu loyihani “kelajak energiya tizimining prototipi” sifatida baholamoqda. Maqsad — mintaqani arzon va qayta tiklanadigan energiya bilan ta’minlash hamda bu resursni sun’iy intellekt markazlari kabi yuqori quvvat talab qiluvchi sohalarda foydalanish.
Hozirgi kunda Talatan quyosh stansiyasi 16 930 megavatt quvvatga ega. Mutaxassislar 2028-yilga borib panellar maydoni ikki barobarga, 2030-yilga kelib esa energiya ishlab chiqarish hajmi besh barobarga oshishini kutmoqda.
Yaqin atrofda qo‘shimcha ravishda 4700 megavatt shamol energiyasi va 7380 megavatt gidroenergiya tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda — bu esa Tibet platosini dunyoning eng yirik yashil energiya markaziga aylantirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy dunyodagi eng katta suzuvchi shamol turbinasini ishlab chiqargan edi. Uning qanotlari maydoni yettita futbol maydoniga teng bo‘lib, 16 megavatt quvvat bilan ishlaydi. Yangi qurilma Guansi-Chjuan avtonom hududida sinovdan o‘tkazilib, yaqin orada tarmoqqa ulanishi rejalashtirilgan.
Xitoyning bu yirik energiya loyihalari mamlakatning kelajakdagi ekologik barqarorlik va texnologiya sohasidagi yetakchi mavqeini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!