Italiyada butun mamlakatni hayratga solgan holat fosh etildi. Vichensa shahrida yashovchi 70 yoshli erkak qariyb 50-yil davomida o‘zini ko‘r deb ko‘rsatib, davlatdan noqonuniy ravishda nafaqa olib kelgan, deb xabar berdi ANSA agentligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 1972-yildan buyon “ko‘rlar ro‘yxati”da turib, pensiya va ijtimoiy yordamlar orqali bir million yevródan ziyod mablag‘ni qo‘lga kiritgan. Bu holat Moliyaviy gvardiya tomonidan olib borilgan maxsus tekshiruvlar davomida aniqlangan.
Kuzatuv jarayonida erkakning kundalik hayotida o‘zini to‘liq sog‘lom insondek tutayotgani qayd etilgan. U bozorlarda mahsulotlarni tanlab, naqd pul bilan to‘lov qilgan, yo‘lda mustaqil harakatlangan va hatto bog‘da o‘tkir asboblar bilan ishlagani videoga tushirilgan.
Huquq-tartibot idoralari bu harakatlar to‘liq ko‘r odam uchun imkonsiz ekanini ta’kidladi. Tergovchilarning fikricha, erkak yarim asr davomida tibbiy hujjatlarni soxtalashtirish va qayta tekshiruvlardan chetda qolish orqali davlatni aldab kelgan.
Ayni paytda unga nisbatan moliyaviy firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov uning qanday qilib shunchalik uzoq yillar nazoratdan chetda qolganini va kimlar yordam berganini o‘rganmoqda.
Italiya ommaviy axborot vositalari bu voqeani “asrning eng uzoq davom etgan ijtimoiy firibgari” deb atadi. Mutaxassislar esa bu holat ijtimoiy nafaqa tizimidagi nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zaruratini yana bir bor ko‘rsatdi, deyishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!