Eronda islomiy qadriyatlar va jamoat axloq qoidalariga rioya qilmagan kafe va restoranlar faoliyati to‘xtatildi, deb xabar berdi “Azad Iran” Telegram kanali. Ma’lumotlarga ko‘ra, Lorestan viloyatining Borujerd shahrida 11 ta muassasa hijob tartibini buzgani va erkak hamda ayollar aralash holda bayram tashkil etgani uchun yopilgan.
Borujerd shahar politsiya boshlig‘i Mehdi Mahdaviyning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlar davomida ushbu joylarda islomiy me’yorlarga zid holatlar aniqlangan. Shu sabab, ularning faoliyati “jamoat tartibini mustahkamlash va ijtimoiy intizomni ta’minlash” dasturi doirasida vaqtincha to‘xtatildi.
Mahdaviy ta’kidlashicha, bu choralar mamlakatda islomiy qadriyatlarni himoya qilish va jamoat joylarida axloqiy me’yorlarga qat’iy amal qilishni ta’minlashga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir muassasa jamoat axloqi va diniy qoidalarni buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
So‘nggi oylarda Eron hukumati hijob qoidalariga amal qilmaslik holatlariga qarshi nazoratni kuchaytirdi. Buning natijasida bir qator shaharlarda o‘nlab kafe, go‘zallik salonlari va savdo markazlari vaqtincha yopildi.
Mahalliy manbalarning qayd etishicha, mamlakatdagi bu qat’iy choralar ayrim fuqarolar orasida tortishuv va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bir tomondan, rasmiylar bu orqali milliy qadriyatlar himoya qilinayotganini aytsa, ikkinchi tomondan, fuqarolar bunday nazorat shaxsiy erkinlikni cheklayotganini ta’kidlamoqda.
Eron hukumati esa o‘z pozitsiyasida qat’iy turib, diniy qoidalarni buzgan har qanday muassasa yopilishi va javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!