700 yil avval suvga g‘arq bo‘lgan shahar sirlari ochilmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Buyuk Britaniya sohilidan topilgan 700 yillik Shipden shahri xarobalaridan 25 ta inson qo‘li bilan yaratilgan obyektlar aniqlandi.
- Bu inshootlar XIV asrga taalluqli bo‘lib, tadqiqotchilar ularni qadimiy to‘g‘onlar yoki pristanning bir qismi deb taxmin qilishmoqda.
- G‘avvoslar cho‘kkan shaharni birinchi marta batafsil suratga olib, 3D modellarini yaratishdi, bu esa dengiz ostidagi inshootlarni o‘rganishga yordam beradi.
Buyuk Britaniyada taxminan 700 yil avval Shimoliy dengiz tubiga g‘arq bo‘lgan o‘rta asrlarga oid Shipden shaharchasining izlari topildi. G‘avvoslar Norfolk grafligidagi Kromer sohilidan bir necha yuz metr uzoqlikda inson qo‘li bilan yaratilgan 25 ta sirli obyektni aniqlab, ularni suratga oldi. Bu haqda Jam Press xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dengiz tubidan topilgan chaqmoqtoshdan qurilgan inshootlar XIV asrga taalluqli. Tadqiqotchilarning fikricha, ular qadimiy to‘g‘onlar, pristanning bir qismi yoki boshqa sohilbo‘yi inshootlari bo‘lishi mumkin.
Shipden aholi punkti XIV asr davomida asta-sekin Shimoliy dengiz suvlari ostida qolgan. 1362 yilda sodir bo‘lgan kuchli bo‘ron esa shaharchaning qirg‘oq chizig‘ini deyarli butunlay vayron qilgan.
Britaniyalik g‘avvoslar cho‘kkan shahar xarobalarini birinchi marta batafsil suratga olib, ular asosida raqamli 3D modellar ham yaratdi. Bu mutaxassislarga dengiz ostida saqlanib qolgan inshootlarni yaxshiroq o‘rganish imkonini bermoqda.
Topilma yana bir mashhur afsonaga oydinlik kiritdi. Kromer aholisi orasida Church Rock, ya’ni «Ibodatxona qoyasi» ostida Avliyo Pyotr ibodatxonasi yashiringani haqida uzoq yillardan beri hikoya qilib kelingan.
Biroq g‘avvoslar aniqlagan obyekt ibodatxona emas, balki o‘rta asrlarga oid qirg‘oq istehkomining bir qismi bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa mashhur afsonaning haqiqatga mos kelmasligi ehtimolini kuchaytirdi.
«Kromerda o‘sgan hammamiz Church Rock haqidagi hikoyalarni eshitib ulg‘ayganmiz. Shu sababli bu afsona noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini anglash katta qadamdir. Biz hozir o‘rta asr hujjatlarini o‘rganib, ularni dengiz tubidan topilgan obyektlar bilan taqqoslayapmiz. Hozircha uzil-kesil xulosalar emas, balki taxminlarni ilgari suryapmiz», dedi «Kromer muzeyi do‘stlari» jamiyati raisi va loyiha direktori Piter Stibbons.
Bu hudud tarixida yana bir qiziq voqea bor. 1888 yilda «Viktoriya» sayyohlik kemasi suv ostidagi qoyaga urilib, halokatga uchragan. Keyinchalik kema qoldiqlari qoyaning bir qismi bilan birga portlatib yuborilgan. Bundan maqsad kemalar harakatiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan to‘siqni bartaraf etish edi.
Biroq bu ishlar davomida qimmatli arxeologik obyektlarga ham zarar yetkazilgan bo‘lishi ehtimoli bor.
«Dastlabki qiziqishimiz “Viktoriya” kemasi qoldiqlarini topish imkoniyati bilan bog‘liq edi. Ammo Kromer jamoasiga Shipden tarixini yaxshiroq tushunishda yordam berganimiz biz uchun katta yutuq bo‘ldi. Ehtimol, Church Rock aslida qirg‘oq istehkomi bo‘lgan. Shuning uchun ibodatxonaning o‘zini qidirish ishlari hali davom etadi», dedi katta g‘avvos Nik Shiller.
Tadqiqotlar Milliy lotereya merosi jamg‘armasi ko‘magida Alfred Savin loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. G‘avvoslik mavsumi hozircha yakunlangan bo‘lsa-da, olimlar izlanishlarni 2027 yilda davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Topilgan arxeologik materiallar va yaratilgan 3D modellar Kromer muzeyida namoyish etish hamda internetda jamoatchilikka taqdim qilish uchun tayyorlanmoqda.
Avvalroq Shotlandiya sohillarida ham suv ostida qolgan qimmatbaho topilmalarga ega kema aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Angliya va Shotlandiya qiroli Charlz I ga tegishli bo‘lgan ushbu kema 1633 yilda cho‘kib ketgan bo‘lib, uning bortidagi qirollik buyumlari va san’at asarlari bilan birga topilmaning umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lishi mumkinligi aytilgan.






























Izohlar 0
…