Timsoh hayvonot bog‘i xodimiga hujum qilib, uni o‘ldirdi

Yangi Gvineyaning Port-Morsbi shahrida joylashgan “Adventure Park” hayvonot bog‘ida fojiali voqea sodir bo‘ldi. Timsoh bog‘ xodimiga hujum qilib, uni og‘ir jarohatladi va oqibatda xodim vafot etdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 5 sentyabr kuni tushdan keyin yuz bergan. Xodim timsohga tovuq berayotgan paytda hayvon uning oyog‘idan tishlab, suv tomon tortib ketgan. Shundan keyin timsoh o‘z o‘ljasini “o‘lim aylanishi” deb ataladigan usulda aylantirgan.
Hujum sodir bo‘layotgan vaqtda boshqa bir xodim ham timsohga yaqinlashib, uning boshiga urish orqali hamkasbini qutqarishga uringan. Hayvonot bog‘iga tashrif buyurganlardan biri esa panjara orasidan tayoq uzatib, hujumga uchragan xodimni qutqarishga harakat qilgan.
Voqea guvohi Koibuga Remdining aytishicha, timsoh xodimni taxminan bir soat davomida qo‘yib yubormagan.
“Ko‘pchiligimiz voqeani ko‘rdik, biroq unga yordam berish uchun juda kam imkoniyatimiz bor edi. Bizning yagona choramiz politsiyaga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilish bo‘ldi”, degan u.
Politsiya voqea joyiga yetib kelgach, “Adventure Park” xodimlari qutqaruv ishlarini yengillashtirish maqsadida timsoh saqlanadigan havzadagi suvni chiqara boshlagan. Hujumga uchragan xodim esa ko‘p qon yo‘qotgan.
Guvohlardan biri politsiya timsohni to‘xtatish uchun bir necha marta o‘q uzganini ma’lum qildi.
“Timsoh birinchi o‘qdan keyin o‘lmadi. Politsiya bir necha marta o‘q uzdi. Faqat 11-o‘qdan keyin timsoh o‘ldi”, degan guvoh.
Shundan so‘ng xodim timsohdan qutqarib olinib, shifoxonaga yetkazilgan. Ammo shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, u 6 sentyabr kuni ertalab olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhum xodim ushbu hayvonot bog‘ida qariyb ikki yil davomida ishlab kelgan.
Mazkur fojiali hujumdan bir necha oy oldin hayvonot bog‘i xodimlarining timsohlarga juda yaqinlashgani aks etgan bir nechta videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Ulardan birida xodim ulkan timsohning yuzidan atigi bir necha santimetr narida turgani va hayvonning ustiga suv sachratgani ko‘rinadi. Keyin esa u timsohning ustiga o‘tirib, uni bo‘ynidan tortgan.
Boshqa videoda esa xodim katta timsohning orqasiga bir oyog‘ini qo‘yib turgani va tomoshabinlarga hayvonni boqish jarayonini namoyish qilgani aks etgan.
Yana bir videoda xodim ulkan timsohning burniga qo‘l tekkizib, uning jag‘lari oldida turgani ko‘ringan. Bu tasvirlar hayvonot bog‘idagi xodimlar va yirik yirtqichlar o‘rtasidagi xavfli darajada yaqin munosabatlarga e’tibor qaratgan.
Ayni paytda Port-Morsbidagi “Adventure Park” hayvonot bog‘i noma’lum muddatga yopilgan. Voqea yuzasidan tegishli tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…