
Xitoyda poraxo‘rlik aybi bilan sudlangan China Huarong International Holdings Limited kompaniyasining sobiq bosh direktori Bay Tyanxuey 9 dekabr kuni qatl etildi. Bu haqda mamlakatning rasmiy «Sinxua» agentligi ma’lum qildi. Qatl jazosi Oliy xalq sudi tomonidan hukm tasdiqlanganidan so‘ng ijro etilgan.
Bay Tyanxueyning ishi qanday kechdi?
Tyanjin shahri oraliq sudi 2024 yil may oyida Bayni:
- umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qilish,
- barcha shaxsiy mulkini musodara qilish,
- noqonuniy topilgan daromadlarni davlatga qaytarish
sharti bilan o‘lim jazosiga mahkum qilgan edi.
Bay bu qaror ustidan shikoyat qildi, ammo 2025 yil fevralda Tyanjin Oliy xalq sudi apellyatsiyani rad etdi va ish Oliy xalq sudiga yuborildi.
Korrupsiya miqyosi va jinoyatning og‘irligi
Oliy xalq sudi tekshiruvidan ma’lum bo‘lishicha, Bay Tyanxuey 2014–2018 yillar oralig‘ida o‘z lavozim vakolatlaridan suiiste’mol qilib, turli loyihalarni moliyalashtirish va sotib olishda manfaatdor tomonlarga yordam ko‘rsatish evaziga:
1,108 milliard yuan (taxminan 157 mln dollar) miqdorida pora olgani aniqlangan.
Sud buni “ayniqsa og‘ir” jinoyat sifatida baholadi. Chunki:
- pora miqdori juda ulkan,
- jinoyatlar davlat manfaatiga jiddiy zarar yetkazgan,
- ijtimoiy oqibatlari o‘ta salbiy bo‘lgan.
Odatda Xitoyda korrupsiya uchun o‘lim jazosi darhol ijro etilmaydi — 2-yillik sinov muddati bilan beriladi va qoidabuzarlik bo‘lmasa, umrbod qamoqqa almashtiriladi. Ammo Bayning ishi bundan mustasno deb topildi.
Qatldan oldingi oxirgi uchrashuv
Ma’lumotlarga ko‘ra, jazo ijrosidan avval Bay Tyanxueyga yaqin qarindoshlari bilan uchrashish imkoni berilgan. Bu amaliyot qatl jazosi qo‘llaniladigan hollarda Xitoyda odatiy tartib hisoblanadi.
Xitoyda o‘lim jazosi amaliyoti hanuz saqlanmoqda
Xitoy dunyoda o‘lim jazosini keng qo‘llaydigan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Oliy jazo:
- qotillik,
- giyohvand moddalar savdosi,
- yirik iqtisodiy jinoyatlar
kabi ayrim og‘ir huquqbuzarliklar uchun ham beriladi. Biroq qatllar soniga oid aniq statistika davlat siri hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.