AQSHda ikki bor zaharli in’eksiya yuborilsa-da, tirik qolgan ayol dahshatli tafsilotlarni ochdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHning Tennessi shtatida 50 yoshli Krista Paykga nisbatan ikki marta zaharli in’eksiya qo‘llanilgan bo‘lsa-da, u mo‘jizaviy tarzda omon qoldi.
- Shifokorlarning uquvsizligi sabab dori vena qon tomiriga emas, balki teri osti to‘qimalariga tushgan, natijada mahkum ayol og‘ir jismoniy jarohatlar oldi.
- Ushbu voqeadan so‘ng shtat gubernatori Bill Li barcha o‘lim jazolari ijrosiga vaqtincha moratoriy e’lon qildi.
AQSHning Tennessi shtatida mamlakat kriminal tarixida misli ko‘rilmagan voqea yuz berdi: o‘lim jazosiga hukm qilingan 50 yoshli Krista Paykga nisbatan zaharli in’eksiya qo‘llanilgan bo‘lsa-da, u mo‘jizaviy tarzda omon qoldi. Oradan bir oy o‘tib, mahkum ayol advokatlari orqali o‘z bayonotini e’lon qildi va qatl stolida boshdan kechirgan og‘ir jismoniy hamda ruhiy azoblari haqida ilk bor so‘zlab berdi.
Payk Tennessi shtatida so‘nggi 200 yil ichida qatl etilishi kerak bo‘lgan birinchi ayol edi. Uning holati — in’eksiya orqali oliy jazo tayinlanib, yakunda tirik qolingan tarixdagi yagona hodisa sifatida baholanmoqda.
Qatl stolidagi dahshat: Ikkita doza zahar nega ta’sir qilmadi?
30 sentyabr kuni rejalashtirilgan qatl jarayoni shifokorlar va mas’ullarning mutlaq uquvsizligi sabab fojiali dramaviy tus olgan:
Ikki karra zahar dozasi: Krista Paykning tanasiga kuchli ta’sir qiluvchi pentobarbital preparatining avval bitta, ta’sir qilmagach esa ikkinchi takroriy dozasi yuborilgan, ammo yurak urishdan to‘xtamagan;
Shifokorlar xulosasi: Keyinchalik mutaxassislar in’eksiya vena qon tomiriga emas, balki teri osti to‘qimalariga tushib qolganini va qon aylanish tizimiga yetarli miqdorda dori yetib bormaganini aniqladi;
Og‘ir asoratlar: Zahar to‘qimalarga tarqalgani sababli Payk shifoxonaga yotqizilganida uning qo‘llari shishib ketgan, tomog‘i yutolmaydigan ahvolga kelgan va o‘pkasida og‘ir yallig‘lanish rivojlangan.
«Tanam, qo‘llarim va qalbim og‘rimoqda»: Paykning ilk bayonoti
Qamoqxona kasalxonasida o‘ziga kelgan mahkum ayol advokatlari orqali jamoatchilikka quyidagi so‘zlarni yo‘lladi:
«Bir oy oldin, 30 sentyabr kuni men qatl kamerasiga o‘limga to‘liq tayyor holda kirdim. Taqdirimga tan bergandim. Ammo o‘sha kundan beri og‘riq his qilmagan birorta daqiqam bo‘lmadi. Qo‘llarim, kaftlarim, tomog‘im qattiq og‘riyapti, hali ham gapirishga qiynalyapman. Bu og‘riq ongim va qalbimni teshib o‘tmoqda. Shuncha insonni bunday dahshatga solgan uquvsizlik meni og‘ir jarohatladi».
Jinoyat tarixi va 28 yillik yolg‘izlik
Krista Payk 1995 yilda, hali 18 yoshda bo‘lgan vaqtida tarbiyasi og‘ir o‘smirlar lagerida tanishgan 19 yoshli Kollin Slemmerni qiynoqqa solib o‘ldirganlikda ayblanib, oliy jazoga mahkum etilgan edi. Ushbu jinoyatda ishtirok etgan uning 17 yoshli yigiti Tadaril Shipp esa voyaga yetmagani sababli umrbod qamoq jazosi bilan qutulib qolgan.
Himoyachilar sud paytida Paykning yoshligida og‘ir jismoniy va ruhiy zo‘ravonliklarga uchragani hisobga olinmaganini bildirib, zamonaviy standartlar bo‘yicha unga o‘lim jazosi berilishi mumkin emasligini ta’kidlab kelmoqda. U o‘z umrining 28 yilini bir kishilik kamerada o‘tkazgan.
Shtatdagi inqiroz: Barcha qatllar to‘xtatildimi?
Ushbu shov-shuvli muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Tennessi shtati rasmiy doiralari jiddiy zarbaga uchradi:
Moratoriy e’lon qilindi: Shtat gubernatori Bill Li vaziyat to‘liq o‘rganilgunga qadar Tennessida barcha o‘lim jazolari ijrosini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida farmoyish berdi;
Mahkumning taqdiri noma’lum: Jurnalistlarning Krista Payk qayta qatl etiladimi, degan savoliga gubernator: «Agar sud boshqacha qaror qabul qilmasa, hukm o‘z kuchida qoladi», deb javob berdi;
AQSHdagi vaziyat: Bugungi kunda AQSHning ayrim shtatlarida o‘lim in’eksiyasi asosiy usul bo‘lib qolmoqda (ayrimlarida elektr stuli, gaz va azot gazi qo‘llaniladi). Xalqaro Amnesty International tashkiloti hisobotiga ko‘ra, dunyoning 54 ta davlatida oliy jazo turi saqlanib qolgan.
Ushbu voqea Amerika jamiyatida o‘lim jazosining insoniyligi va tibbiy-texnik jihatdan qanchalik ishonchli ekani borasidagi bahs-munozaralarni yangi kuch bilan alangalatdi.































Izohlar 0
…