Ikki doza o‘lim dorisidan keyin ham mahbus tirik qoldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tennessi shtatida Krista Geyl Paykning o‘lim jazosini ijro etish jarayonida unga ikki marta o‘limga olib keluvchi preparat yuborilganiga qaramay, u tirik qoldi.
- 1995 yilda qotillik uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan 50 yoshli Payk qatl xonasidan shifoxonaga olib ketildi.
- Sud jarayonida uning bolalikdagi zo‘ravonliklar va ruhiy holati inobatga olinishi masalasi ko‘rib chiqilayotgan edi.
AQSHning Tennessi shtatida 1995 yilda qotillik sodir etgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan Krista Geyl Paykning qatli kutilmagan tarzda yakunlandi. Unga ikki marta o‘lim jazosida qo‘llanadigan preparat yuborilganiga qaramay, mahbus vafot etmagan.
50 yoshli Payk qatl xonasidan tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan. Advokatlari uning tirik qolganini tasdiqlagan, biroq mahbusning keyingi ahvoli haqida ularga ma’lumot berilmagan.
Payk 1 oktyabr kuni qatl etilishi kerak edi. Biroq jarayon boshlanishidan biroz oldin AQSH Oltinchi okrug apellyatsiya sudi qatlni vaqtincha to‘xtatgan. Sud Paykning bolalik davrida jinsiy zo‘ravonlikka uchragani haqidagi da’volari hukm chiqarish jarayonida yetarlicha inobatga olingan yoki olinmaganini ko‘rib chiqish uchun vaqt zarurligini bildirgan.
Bosh prokuratura qaror ustidan AQSH Oliy sudiga murojaat qilgan. Keyinchalik Oliy sud qatlni davom ettirishga ruxsat bergan. Uch nafar liberal sudya, jumladan Sonya Sotomayor, qarorga qarshi chiqqan.
Paykning advokatlari qatl jarayonida unga nisbatan “keraksiz azob” yuzaga kelganini bildirib, Oliy sudga favqulodda ariza kiritgan. Ular mahbusga hayotini saqlab qolishga qaratilgan tibbiy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Payk qanday jinoyat sodir etgan?
Krista Geyl Payk 1995 yil 12 yanvar kuni 19 yoshli Kolin Slemmerni o‘ldirgani uchun sudlangan.
Prokurorlar ma’lumotiga ko‘ra, Payk Slemmerni o‘z yigitini tortib olishga urinayotganidan xavotirlangan va uni o‘rmonzor hududga olib borgan. Qotillikda Paykning o‘sha paytdagi yigiti ham ishtirok etgani aniqlangan. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
Paykka esa o‘lim jazosi tayinlangan. Keyinchalik unda bir qator ruhiy buzilishlar tashxis qilingan. Uning tarafdorlari mahbus jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshda bo‘lgani, ruhiy holati hamda bolalik davridagi og‘ir zo‘ravonlik haqidagi da’volari jazo masalasida inobatga olinishi kerakligini ta’kidlab kelgan.
Payk qotillikni sodir etganini inkor etmagan. U afv so‘rab yozgan murojaatida Slemmer bilan janjallashish niyati bo‘lganini, ammo vaziyat nazoratdan chiqib ketganini bildirgan.
Slemmerning onasi Mey Martines esa o‘g‘lining o‘limi uchun adolat qaror topishini o‘nlab yillar davomida kutgan. U qatl jarayonini kuzatish uchun Tennessiga borishga tayyorlangan.
AQSHda 1976 yilda o‘lim jazosi qayta tiklanganidan buyon 18 nafar ayol qatl etilgan. Bu mamlakatdagi barcha qatllarning taxminan 1 foiziga to‘g‘ri keladi.
Agar Paykning qatli amalga oshirilganida, u 2026 yilda AQSHda qatl etilgan 30-shaxs hamda Tennessida 200 yildan ortiq vaqt ichida qatl etilgan ilk ayol bo‘lar edi.






























Izohlar 0
…