
Yil boshi, ayniqsa yanvar oyi mehnat bozorida eng jonli pallalardan biri hisoblanadi. Ko‘plab mutaxassislar yangi yildagi shaxsiy rejalarini amalga oshirish, kasbiy o‘sish yoki daromadni oshirish maqsadida ish joyini almashtirish haqida o‘ylaydi. Ayni paytda kompaniyalar ham birinchi chorak uchun kadrlar siyosati va byudjetini qayta ko‘rib chiqadi. Bu jarayonda eng hal qiluvchi omillardan biri, shubhasiz, ish haqi miqdori bo‘lib qolmoqda.
Yevropada maoshlar manzarasi juda rang-barang. Ular nafaqat sohalar kesimida, balki mamlakatlar bo‘yicha ham keskin farq qiladi. Euronews va Yevrostat taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yillik ish haqi 39 808 yevroga teng. Bu raqam umumiy ko‘rsatkich bo‘lib, real vaziyat mamlakatlar o‘rtasida juda katta tafovutlarga ega.
Eng yuqori o‘rtacha yillik ish haqi Lyuksemburgda qayd etilgan — 82 969 yevro. Bu ko‘rsatkich eng past maoshga ega mamlakat — Bolgariya bilan solishtirilganda juda katta farqni ko‘rsatadi. Bolgariyada o‘rtacha yillik ish haqi 15 387 yevroni tashkil etadi. Oddiy qilib aytganda, Lyuksemburgdagi o‘rtacha maosh Bolgariyanikidan 5,4 barobar yuqori.

Lyuksemburgdan tashqari yana beshta Yevropa davlatida o‘rtacha yillik ish haqi 50 ming yevrodan oshib ketgan. Ular quyidagilar: Daniya, Irlandiya, Belgiya, Avstriya va Germaniya. Bu mamlakatlar asosan G‘arbiy va Shimoliy Yevropa hududida joylashgan bo‘lib, iqtisodiyoti barqaror, mehnat unumdorligi yuqori va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalar ulushi katta hisoblanadi.
Reytingning quyi qismida esa o‘rtacha ish haqi 20 ming yevrodan kam bo‘lgan davlatlar joy olgan. Bular — Bolgariya, Gretsiya va Vengriya. Ushbu mamlakatlarda iqtisodiyotning tuzilishi, ishlab chiqarish samaradorligi va yuqori daromadli sohalar ulushi cheklanganligi maoshlarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti iqtisodchisi Djuliya de Latssarining ta’kidlashicha, maoshlar o‘rtasidagi bunday katta farqlar bir nechta asosiy omillar bilan bog‘liq. Ular orasida mamlakat iqtisodiyotining umumiy tuzilishi, mehnat unumdorligi darajasi hamda IT, moliya va yuqori texnologiyalar kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sohalarning iqtisodiyotdagi ulushi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik yoki oddiy xizmat ko‘rsatish sohalari ustun bo‘lgan davlatlarda maoshlar, odatda, past bo‘ladi. Shu bilan birga, kasaba uyushmalarining kuchli yoki zaif ekani, jamoaviy muzokaralar tizimi, minimal ish haqi bo‘yicha qonunchilik ham ish haqi darajasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, agar so‘nggi besh yilda kuzatilgan o‘sish sur’atlari saqlanib qolsa, 2026-yilga kelib Yevropa Ittifoqida o‘rtacha yillik maosh 41 600 yevroga yetishi mumkin. Biroq bu o‘sish barcha mamlakatlarda bir xil bo‘lmasligi, farqlar yana ma’lum darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.
Qisqasi, Yevropa mehnat bozorida ish haqi hali uzoq vaqt asosiy tanlov omillaridan biri bo‘lib qoladi. Qaysi mamlakatda ishlash masalasi esa faqat maosh emas, balki iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy kafolatlar va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari bilan ham bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.