date

Trampga kutilmagan zarba: Daniya Grenlandiya uchun "jang" e’lon qildi

Trampga kutilmagan zarba: Daniya Grenlandiya uchun "jang" e’lon qildi

Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen AQSH prezidenti Donald Trampni Grenlandiya masalasida qat’iy pozitsiyadan qaytishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, orolga nisbatan har qanday bosim yoki kuch ishlatish urinishi Daniya qirolligiga qarshi qilingan hujum sifatida baholanadi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar tarqatdi.

Rasmussenning so‘zlariga ko‘ra, Daniya hukumati AQSH tomonidan Grenlandiyani topshirish yoki uni nazorat qilishga qaratilgan talablarga hech qachon bo‘ysunmaydi. Shu munosabat bilan u Tramp ma’muriyatining pozitsiyasini rasman tushuntirish uchun AQSHning Daniyadagi elchisini TIVga chaqirgan.

«Qirollikning har qanday qismiga qilingan tajovuz butun qirollikka qarshi hujum hisoblanadi», — dedi vazir mahalliy TV2 telekanaliga bergan intervyusida. U shuningdek, Grenlandiya hududi NATO xavfsizlik tizimi doirasida himoya ostida ekanini alohida urg‘uladi.

Grenlandiya hukumati ham ushbu masalada o‘z pozitsiyasini ochiq bildirdi. Orol bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen AQSHga Grenlandiyani berish haqidagi har qanday ehtimolni qat’iyan rad etdi.

«Grenlandiya grenlandiyaliklarga tegishli. Orolning hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi shart», — deb yozdi u o‘zining Facebook sahifasida. Nilsen, shuningdek, AQSH tomonidan bildirilayotgan da’volar grenlandiyaliklar orasida jiddiy xavotir uyg‘otayotganini ham yashirmadi.

Eslatib o‘tamiz, 22-dekabr kuni Donald Tramp respublikachi Luiziana shtati gubernatori Jeff Landrini Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlaganini ma’lum qilgan edi. Landri bu qaror uchun minnatdorlik bildirib, AQSHning orolni sotib olish niyati borligini ochiq tasdiqladi.

Keyinroq Tramp Grenlandiya AQSH uchun tabiiy boyliklar emas, balki milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan muhim ekanini aytdi. Biroq bu izohlar ham Grenlandiya va Daniya rahbarlarining munosabatini yumshatmadi. Yens-Frederik Nilsen AQSHning orolni egallash istagi uni chuqur afsusga solayotganini bildirib, xalqaro huquq va suverenitet prinsiplariga amal qilishga chaqirdi.

Hozircha masala diplomatik doirada muhokama qilinmoqda, biroq Daniya tomonidan berilgan keskin bayonotlar Kopengagen Grenlandiya masalasida orqaga chekinmasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Trampga kutilmagan zarba: Daniya Grenlandiya uchun "jang" e’lon qildi