
1 yanvardan boshlab Bolgariya rasman yevroga o‘tadi va shu tariqa yevrohududning 21-a’zosiga aylanadi. Payshanba kuni kuchga kiradigan mazkur qaror mamlakatning milliy valyutasi — bolgariya levidan voz kechish bo‘yicha ko‘p yillik jarayonga nuqta qo‘ydi.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Bolgariyani ushbu qadam bilan qutlab, buni uzoq yillik izchil mehnat va maqsadga sodiqlik samarasi sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, yevroga o‘tish oddiy to‘lovlar, osonroq sayohatlar va bolgar biznesi uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Shu bilan birga, yevroni qabul qilish mamlakat ichida keskin bahslar fonida kechmoqda. 2025 yil davomida Bolgariyada milliy valyuta — levni saqlab qolish tarafdorlari tomonidan keng ko‘lamli norozilik harakatlari o‘tkazildi. Yevro muxoliflari narxlar oshishi va iqtisodiy mustaqillikka putur yetishidan xavotir bildirdi.
Bunga qaramasdan, ketma-ket almashgan hukumatlar yevrohududga qo‘shilishni strategik maqsad sifatida ko‘rib keldi. Islohot tarafdorlarining fikricha, yevro iqtisodiyotni barqarorlashtiradi, savdoni yengillashtiradi, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kuchaytiradi va mamlakatning tashqi ta’sirlarga, jumladan, Rossiya ta’siriga nisbatan zaifligini kamaytiradi.
So‘nggi yillarda Bolgariyada siyosiy beqarorlik davom etdi. Korrupsiyaga qarshi chiqishlar konservativ hukumatning qulashiga olib keldi, mamlakat esa oxirgi besh yil ichida sakkizinchi saylov ostonasida turibdi.
Iqtisodiy jihatdan esa Bolgariya ancha vaqtdan beri yevro bilan chambarchas bog‘langan edi. 1990-yillardagi giperinflyatsiyadan keyin lev avval nemis markasiga, keyinchalik yevroga bog‘lab qo‘yildi. Valyuta barqarorligini nazorat qilish esa Yevropa Markaziy bankiga topshirildi. Mutaxassislar fikricha, yevrohududga qo‘shilish Bolgariyaga barqaror narxlar, arzon moliyalashtirish va Yevropa bozorida savdoni yanada osonlashtirish kabi muhim ustunliklar beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.