Ko‘rfaz davlatlari Trampni Eronga zarba berishdan qaytardi

Saudiya Arabistoni, Qatar va O‘mon rasmiylari AQSH prezidenti Donald Trampni Eronga hujum qilish g‘oyasidan qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. AFP agentligiga gapirgan saudiyalik yuqori martabali amaldorning aytishicha, Ko‘rfazdagi uch davlat so‘nggi daqiqalarda juda faol diplomatik harakatlar qilib, Vashingtonni keskin qadamdan tiyilishga ko‘ndirgan.
«Ko‘rfazning uch mamlakati so‘nggi daqiqada prezident Trampni Eronga o‘z yaxshi niyatini namoyish etish imkoniyatini berishga ko‘ndirish uchun ko‘p urinishli diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirdi», — degan amaldor.
Uning ta’kidlashicha, bu ish shu bilan to‘xtab qolmagan: tomonlar hozir ham AQSH bilan muloqotni uzmasdan, «erishilgan ishonchni mustahkamlash va hozirgi ijobiy muhitni saqlab qolish» uchun muzokaralarni davom ettiryapti. Ya’ni maqsad — vaziyatni “sovitish”, so‘z bilan hal qilish va yangi mojaroga yo‘l qo‘ymaslik.
Shu o‘rinda iqtisodiy xavotirlar ham tilga olinadi. Avvalroq The Wall Street Journal xabar berganidek, Saudiya boshchiligidagi arab davlatlari AQSH rasmiylaridan Tehronga zarba berishdan tiyilishni so‘ragan. Chunki Eron rejimiga qarshi keskin qadam va uni ag‘darishga urinish neft bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘lishi, narxlar o‘ynashi va buning oqibatida AQSH iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir yetishi mumkinligi aytilgan.
Bundan tashqari, Eron tomonidan ham muayyan signallar bor. Eronning Pokistondagi elchisi Rizo Amiriy Mug‘odamning ta’kidlashicha, Donald Tramp allaqachon Tehronga mamlakatga hujum qilmasligini ma’lum qilgan. Shuning evaziga AQSH tomoni Erondan bosiqlikni saqlashni va mintaqadagi Amerika obyektlariga zarba bermaslikni so‘ragan.
Hammasining fondagi sabablaridan biri — Erondagi norozilik namoyishlari. Namoyishlar boshlanganidan keyin Tramp AQSH rasmiylari «juda qattiq» bir necha harakat variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. The New York Times yozishicha, Trampga Eronga yangi zarbalar berishning bir nechta ssenariylari, jumladan, Tehrondagi noharbiy obyektlarga zarba berish varianti ham taqdim etilgan.
Biroq, 14 yanvar kuni Tramp «ishonchli manbalarga» tayanib, Eron rasmiylari namoyish ishtirokchilarini qatl etishdan bosh tortganini aytdi. Demak, Vashingtonda ham “keskin qadam” bilan “siyosiy bosim” o‘rtasidagi tortishuv hali to‘liq tugamagan, lekin hozircha diplomatiya taraozi pallasini og‘dirgan ko‘rinadi.
Xulosa qilib aytganda, Ko‘rfaz davlatlari bu safar “oldini olish diplomatiyasi”ni ishga soldi: mojaro chiqmasidan turib, o‘tni pasaytirish. Endi eng muhim vazifa — shu “ijobiy muhit”ni saqlab qolish, chunki mintaqada bir marta uchqun chiqsa, uning olovi neft bozoridan tortib xavfsizlikkacha hammani yoqib ketishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!