Niderlandiya qirolichasi armiyada xizmatga tayyorlanmoqda

Niderlandiya qirolichasi Maksima qisqa muddatli harbiy tayyorgarlik kursidan o‘tib, armiyada qisman xizmat qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qirollik oilasi vakillari ma’lum qildi.
Hozirda 54 yoshda bo‘lgan qirolicha hali ariza topshirishga ulguradi, chunki Mudofaa vazirligida bunday xizmat uchun maksimal yosh 55 yosh deb belgilangan.
Qirollik oilasi bayonotiga ko‘ra, Maksima mamlakat xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shmoqchi. Hozircha u qaysi harbiy bo‘limda xizmat qilishi noma’lum.
NLTimes nashrining yozishicha, qisman xizmat qiluvchilar — zaxira harbiylar bo‘lib, asosan favqulodda holatlarda jalb etiladi. Maksima qirollik oilasidan armiyaga borayotgan birinchi shaxs emas.
Yaqinda taxt vorisi malika Amaliya ham harbiy tayyorgarlikni tugatib, kapral unvonini olgan.
Mudofaa vazirligi ayni paytda harbiylar sonini oshirish ustida ish olib bormoqda. Rejaga ko‘ra, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich 100 ming nafarga, kelajakda esa 200 ming kishiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!