Bosh vazir Nikol Pashinyan va rafiqasi Anna Akopyan munosabatlariga nuqta qo‘ydi

Bugun, 17 fevral kuni Armaniston Bosh vazirining rafiqasi Anna Akopyan o‘zining Facebook'dagi sahifasi orqali muhim xabar bilan chiqdi. U Nikol Pashinyan bilan fuqarolik nikohi rasman yakunlanganini jamoatchilikka ma’lum qildi.
Akopyan murojaatida shunday degan:
“Hurmatli vatandoshlar, sizga Bosh vazir Nikol Pashinyan bilan fuqarolik nikohim tugaganini e’lon qilaman. Barchangizdan ushbu masalaga nisbatan hurmat, vazminlik va xushmuomalalikni saqlashingizni so‘rayman”.
Ma’lum qilinishicha, u munosabatlarning tugash sabablari, ajrimga olib kelgan holatlar yoki shaxsiy hayotga doir boshqa tafsilotlar haqida izoh bermagan. Hozircha mazkur voqea yuzasidan Nikol Pashinyan tomonidan ham rasmiy bayonot yoki munosabat bildirilgani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Anna Akopyan va Nikol Pashinyan o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali qonuniy nikohdan o‘tmaganliklarini ochiq ma’lum qilishgan edi. Ular uzoq yillar davomida birga yashab kelgan bo‘lsa-da, munosabatlari faqat fuqarolik nikohi asosida davom etgan.
Qayd etilishicha, juftlik 27 yildan ortiq vaqt mobaynida birga hayot kechirib, oilaviy turmush tarzini olib borgan. Shu bilan birga, ularning munosabatlari rasmiy nikoh bilan mustahkamlanmagani ham avvalroq jamoatchilikka ma’lum qilingan edi.
Ayni paytda, Armaniston jamoatchiligida keng muhokamaga sabab bo‘lgan ushbu xabar yuzasidan rasmiy izohlar kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!