AQSH va Eron o‘rtasida yangi tinchlik rejasi taklif qilindi

AQSH va Eron o‘rtasida davom etayotgan ziddiyat va harbiy keskinlikni bartaraf etish maqsadida yangi diplomatik reja ishlab chiqildi. Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar berishicha, ushbu kelishuv bugun — dushanba kunidan amalga kirishi mumkin bo‘lib, u strategik jihatdan muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni nazarda tutadi.
Maʼlum qilinishicha, ushbu tashabbus Pokiston tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u ikki bosqichli yondashuvga asoslanadi. Birinchi bosqichda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, ikkinchi bosqichda esa keng qamrovli va barqaror tinchlik kelishuvini imzolash ko‘zda tutilgan.
Manbalar taʼkidlashicha, dastlabki kelishuv elektron formatda memorandum sifatida rasmiylashtirilishi mumkin va muzokaralar asosan Pokiston orqali olib boriladi. Bu jarayonda Pokiston armiyasi rahbari Osim Munir muhim vositachi sifatida ishtirok etib, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, maxsus vakil Stiv Uitkoff hamda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan doimiy aloqada bo‘lgan.
Rejaga muvofiq, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi darhol kuchga kirishi, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilishi va 15–20 kun ichida yakuniy kelishuv ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Ushbu kelishuv shartli ravishda «Islomobod kelishuvi» deb nomlanmoqda.
Shu bilan birga, yakuniy bitim doirasida Eronning yadroviy qurol yaratmaslik bo‘yicha majburiyat olishi, evaziga esa xalqaro sanksiyalarni yumshatish va muzlatilgan aktivlarni qaytarish kabi muhim masalalar ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
Hozircha Tehron rasmiy ravishda ushbu taklifga munosabat bildirmagan. Manbalarga ko‘ra, Eron hatto vaqtinchalik sulh bo‘yicha ham aniq va qatʼiy pozitsiyasini eʼlon qilmagan.
Ayni paytda kuzatilayotgan diplomatik faollik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishga tahdid kuchaygan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa jahon energetika bozoridagi beqarorlikni yana-da kuchaytirib, global iqtisodga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!