Qibrayda daraxtlar orasiga yashirilgan 95 kg «gashish» aniqlandi

Toshkent viloyati Qibray tumanida qariyb 95 kilogramm «gashish» giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi. Bojxona qo‘mitasi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida narkotik modda daraxtlar orasiga yashirilgan holda aniqlangan.
Dala maydonidagi 4 ta qopdan jami 109 ta o‘ram topilgan. Laboratoriya xulosasiga ko‘ra, ulardagi modda «gashish» ekani tasdiqlangan.
Hudud bir necha kun kuzatuvda bo‘lgan. 8 kun o‘tib, giyohvandlik vositalarini olib ketish uchun kelgan ikki nafar fuqaro ushlangan.
Tergov davomida narkotiklarni yashirib ketishga topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, qo‘lga olingan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, u avval benzin kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida javobgarlikka tortilgan shaxs bo‘lgan.
Qayd etilishicha, olib qo‘yilgan 95 kilogramm «gashish» qariyb 700 ming dozaga teng. Uning qora bozordagi ehtimoliy qiymati 10 million dollardan oshishi mumkin edi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.































Izohlar 0
…