Tramp Eronga keskin tahdid qildi: ular o‘n yil davomida elektrsiz qoladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berish orqali mamlakatni o'n yil davomida elektrsiz qoldirish bilan tahdid qildi.
- Amerika rahbari ushbu hujum Eron uchun katta iqtisodiy va texnik yo'qotishlarga olib kelishini hamda ko'priklar kabi strategik obyektlar nishonga olinishi mumkinligini ta'kidladi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan juda keskin bayonot berib, mamlakatning elektr infratuzilmasiga zarba berish orqali uni uzoq muddat elektrsiz qoldirish mumkinligini aytdi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
Trampning taʼkidlashicha, bunday ehtimoliy hujum natijasida Eronning energetika tizimi jiddiy zarar ko‘radi va mamlakat uzoq yillar davomida elektr taʼminotisiz qolishi mumkin.
“Biz ularga zarba berishimiz mumkin. Shunday qilamizki, ular o‘n yil davomida elektrsiz qoladi”, — dedi u.
Amerika rahbari shuningdek, agar bunday ssenariy amalga oshirilsa, Eron o‘z energetika infratuzilmasini qaytadan to‘liq qurishga majbur bo‘lishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon mamlakat uchun katta iqtisodiy va texnik yo‘qotishlarga olib keladi.
Tramp, shu bilan birga, AQSH Eron hududidagi strategik obyektlar, jumladan ko‘priklar ham nishonga olinishi mumkinligini yashirmadi.
Shu orada 11–12 aprel kunlari Islomobodda AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani maʼlum qilindi. AQSH tomonidan vitse-prezident Jey Di Vens, maxsus vakil Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etgan. Eron delegatsiyasiga esa parlament raisi Muhammad Boqir G‘olibof va tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rahbarlik qilgan.
Muzokaralardan so‘ng Jey Di Vens Eron AQSH qo‘ygan shartlarni qabul qilmagani va yadro quroli yaratishdan voz kechishga tayyor emasligini bildirganini aytdi. Eron TIV esa ayrim masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini tan olgan bo‘lsa-da, muloqotni davom ettirishga umid bildirdi.
Hozircha vaziyat keskinligicha qolmoqda va tomonlar o‘rtasidagi siyosiy ziddiyat yana-da kuchayishi mumkinligi aytilmoqda.































Izohlar 0
…