Nigeriyada o‘quvchilar o‘g‘irlanishi yana xavotir uyg‘otmoqda

Nigeriyaning Benue shtatida qurollangan shaxslar tomonidan 18 nafar maktab o'quvchisi o'g'irlab ketildi. Voqea o'quvchilar universitet imtihonlariga yo'l olgan vaqtda yuz bergan. Mamlakatning shimoliy hududlarida zo'ravonlik holatlari ortishi iqtisodiy qiyinchiliklar va qurolli guruhlar faolligi bilan bog'lanmoqda. Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qidiruv-qutqaruv choralari ko'rilmoqda.
Afrika qit’asining muammoli hududlaridan biri bo‘lgan Nigeriyada yana bir dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Joriy yilning 16 aprel kuni mamlakatning Benue shtati hududida bir guruh maktab o‘quvchilari qurollangan shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yuqori sinf o‘quvchilari mahalliy universitetga imtihon topshirish uchun yo‘lga chiqqan paytda hujumga uchragan. Hodisa Makurdi–Otukpo avtomobil yo‘li yaqinida sodir bo‘lgan. Rasmiylar 18 nafar o‘quvchi olib ketilganini yozmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil davomida mamlakatning shimoliy hududlarida zo‘ravonlik holatlari 71 foizga oshgan. Mutaxassislar bunga asosiy sabab sifatida qurolli guruhlar faolligining ortishi, iqtisodiy qiyinchiliklar va ishsizlik darajasining yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Eng achinarlisi shundaki, bunday jinoyatlarning qurboni ko‘pincha begunoh fuqarolar, ayniqsa maktab o‘quvchilari bo‘lmoqda. Jinoyatchilar ko‘pincha ularni garovga olib, oila a’zolaridan katta miqdorda pul yoki yer talab qilish orqali manfaat ko‘zlaydi.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti olib borilmoqda. Vaziyat esa nafaqat Nigeriya, balki butun mintaqa xavfsizligi uchun jiddiy tashvish uyg‘otishda davom etmoqda.





























Izohlar 0
…