Suriyada o‘zbekistonlik jangari o‘ldirildi: nimalar ma’lum?

Suriyada o‘zbekistonlik jangari o‘ldirildi: nimalar ma’lum?

Suriyaning Idlib provinsiyasida o‘zbekistonlik jangari otib o‘ldirildi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, Syriahr nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea Al-Fua tumanida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxslar o‘zbekistonlik jangarining harakatlanayotgan avtomobilini o‘qqa tutgan. Qurolli hujum oqibatida u voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan. Ayni vaqtda hodisa yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Hujumni kim amalga oshirgani hamda uning sabablari hozircha rasman ma’lum qilinmagan.

Manbalarga ko‘ra, halok bo‘lgan shaxs Suriyada faoliyat yurituvchi “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) tarkibidagi “Qizil otryadlar” safida bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar, asosan HTSH jangarilari Suriya shimolida keng ko‘lamli harbiy yurishni boshlagan edi. Ular qisqa vaqt ichida Idlib viloyati, Halab shahri, Hama va Homs viloyatlarining bir qator hududlarini o‘z nazoratiga olgan. Keyinchalik ular poytaxt Damashqqa ham kirib borgan. Bu voqealar ortidan Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad oilasi bilan Rossiyaga ketgani ma’lum qilingan.

2025 yilda esa “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi yetakchisi Ahmad ash-Shara’a (Abu Muhammad al-Juloniy) mamlakatning o‘tish davri prezidenti sifatida e’lon qilingan. Shu yil davomida Suriya xavfsizlik kuchlari Idlib shahri va uning atrofida xorijlik jangarilarga, jumladan, o‘zbekistonliklarga qarshi bir nechta maxsus reydlar o‘tkazgan.

Xususan, 2025 yil iyun oyida Abu Dujon al-O‘zbekiy taxallusi bilan tanilgan harbiy instruktor Ayyub xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan. U hibsga olingach, noma’lum joyga olib ketilgani xabar qilingan.

Shuningdek, avgust oyi oxirida Al-Qusur tumanida o‘tkazilgan yana bir maxsus operatsiya natijasida Islom al-O‘zbekiy laqabi bilan tanilgan yana bir o‘zbekistonlik jangari ushlangan. Manbalarga ko‘ra, operatsiya uning joylashuvi haqida aniq ma’lumot olingach amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Suriya xavfsizlik kuchlari 3 sentyabr kuni Idlib viloyatining g‘arbida joylashgan Haram tumanida ISHID hujayrasini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyot o‘tkazgan. Operatsiya davomida qo‘lga olinganlar orasida Iroq va O‘zbekistondan kelgan jangarilar ham bo‘lgani ma’lum qilingan.

So‘nggi hodisa Suriya shimolida qurolli guruhlar va xorijlik jangarilar ishtirokidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat hali ham murakkabligicha qolayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Ayni paytda o‘zbekistonlik jangarining o‘ldirilishi bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar