Toshkentda bir vaqtning o‘zida ikki joyda yong‘in yuz berdi

Bugun, 28 iyun kuni Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida qariyb bir vaqtning o‘zida ikki yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisalardan biri Toshkent davlat agrar universitetining sport kompleksida, ikkinchisi esa Sergeli tumanidagi ko‘p qavatli turar joylardan birida kuzatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, soat 15:17 da Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismida yong‘in kelib chiqqan. Xabar kelib tushishi bilan qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari yong‘inni soat 15:59 da to‘liq qurshab olgan, soat 16:15 ga kelib esa alanga batamom bartaraf etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Shu bilan bir vaqtda, soat 15:25 da Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan “Yangi Sergeli” mahallasi, Sergeli 8-dahasidagi ko‘p qavatli uylardan birida ham yong‘in yuz bergan.
Qutqaruvchilar chaqiruvdan so‘ng soat 15:32 da voqea joyiga yetib borgan va yong‘inni soat 16:08 da to‘liq o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in natijasida xonadonning taxminan 30 kvadrat metr qismidagi uy jihozlari yonib, moddiy zarar yetgan. Ushbu hodisada ham tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Ayni paytda har ikki yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.






























Izohlar 0
…