150 yillik sir ochildi: qishloqdagi g‘alati inshoot nima bo‘lib chiqdi?

Angliyaning Sharqiy Sasseks grafligidagi Alfriston qishlog‘ida joylashgan kichik chaqmoqtoshdan qurilgan inshoot qariyb bir yarim asrdan buyon mahalliy aholi o‘rtasida turli bahs va taxminlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Avtomobillar turargohi yaqinida qad rostlagan ushbu obelisksimon qurilmaning asl vazifasi haqida uzoq yillar davomida turli qarashlar ilgari surilgan. Endi esa mahalliy tarixchi uning haqiqiy tarixi qanday bo‘lganini ma’lum qildi.
Ko‘p yillar davomida bu sirli inshoot haqida turlicha fikrlar aytildi. Ayrimlar uni qadimiy o‘q-dorilar ishlab chiqarish uchun xizmat qilgan minora, boshqalar esa g‘isht pishirish pechi deb hisoblagan. Hatto ba’zilar uni tartibbuzarlarni vaqtincha qamab qo‘yish uchun mo‘ljallangan kichik qamoqxona bo‘lgan, degan taxminlarni ham ilgari surgan.
Mahalliy tarixchi Kevin Gordon esa arxiv xaritalari va tarixiy hujjatlarni o‘rganish orqali inshootning haqiqiy kelib chiqishini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Uning aytishicha, o‘zi ham bir paytlar hazil aralash uning haqida turli g‘aroyib nazariyalarni o‘ylab topgan.
«Mening eng g‘alati taxminlarimdan biri bu Viktoriya davriga oid ko‘mirda ishlaydigan raketa bo‘lgani, ammo u hech qachon uchmagani haqida edi», — deydi Kevin Gordon.
Tarixchining ta’kidlashicha, eski xaritalarda bu hududda shamol tegirmoni bo‘lgani qayd etilgan. Biroq u mazkur joydan bir necha yuz metr janubda joylashgan bo‘lgan. 1871 yilga oid xaritada esa aynan shu yerda kaptarxona (dovecote) mavjudligi ko‘rsatilgan. Demak, bugungacha sirli hisoblangan inshoot aslida kaptarxona sifatida qurilgan.
Biroq inshoot tarixi shu bilan cheklanmaydi. XX asrga kelib bino ancha eskirib, qarovsiz ahvolga tushib qolgan. Tarixchining ma’lum qilishicha, o‘sha davrda yaqin atrofda yashagan xonadon egasi ushbu binodan foydalanishga qaror qilgan va uni ta’mirlab, o‘z farzandlari uchun kichik o‘yin uychasiga aylantirgan. Shu tariqa bir vaqtlar kaptarxona bo‘lgan qurilma keyinchalik bolalarning sevimli maskaniga aylangan.
Hozirgi kunda inshoot umumiy jihatdan barqaror holatda saqlanib qolgan bo‘lsa-da, uning devorlari va tashqi ko‘rinishida vaqt hamda tabiat ta’siri izlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Mahalliy aholi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu obyekt atrofida bahslar hali ham davom etmoqda. Shu bilan birga, Sharqiy Sasseks grafligi kengashi mazkur inshoot rasman madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilmaganini bildirgan. Shu sababli u maxsus huquqiy muhofazaga ega emas.
Mutaxassislarning fikricha, kelajakda ushbu avtoturargoh yoki uning atrofida qurilish ishlari amalga oshirilsa, inshootni saqlab qolish, restavratsiya qilish yoki rasmiy tarixiy yodgorlik sifatida ro‘yxatga olish masalasi yana kun tartibiga chiqishi mumkin.
Madaniy meros bo‘yicha faoliyat yurituvchi tashkilotlar esa aynan shu kabi kichik, sirli va ko‘pchilik e’tiboridan chetda qolgan inshootlar mahalliy tarixning kutilmagan sahifalarini ochib berishini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, hatto vazifasi to‘liq ma’lum bo‘lmagan bunday obyektlar ham o‘tmishdagi ijtimoiy hayot, turmush tarzi va mahalliy an’analar haqida qimmatli ma’lumotlarni saqlab qolgan bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…