Vikinglar so‘zi AQSH mustaqillik deklaratsiyasiga qanday kirib qoldi?

Vikinglar so‘zi AQSH mustaqillik deklaratsiyasiga qanday kirib qoldi?

Mustaqillik deklaratsiyasidagi mashhur iboralar asrlar davomida shakllangan til va madaniyat tarixini o‘zida mujassam etgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, hujjatdagi ayrim so‘zlarning kelib chiqishi nafaqat Rim yoki Yevropa sivilizatsiyasi, balki vikinglar davriga ham borib taqaladi. Bu haqda BBC xabar berdi. 1776 yil 4 iyul kuni qabul qilingan

AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi nafaqat yangi davlatning tashkil topishini e’lon qildi, balki insoniyat tarixidagi eng mashhur siyosiy hujjatlardan biriga aylandi. Ayniqsa, undagi «Barcha insonlar teng yaratilgan», «Hayot», «Erkinlik» va «Baxtga intilish huquqi» kabi iboralar bugungi kungacha huquqshunoslar, tarixchilar va tilshunoslar o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Tarixchilarning ta’kidlashicha, deklaratsiya matnini tayyorlagan Tomas Jefferson hujjatni imkoni boricha sodda, tushunarli va barcha mustamlakalar tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan uslubda yozishga harakat qilgan. Shu bilan birga, u ushbu matn Amerika xalqining ruhi va dunyoqarashini ham aks ettirishini istagan. Mutaxassislar e’tiborini tortgan eng qiziq jihatlardan biri hujjatdagi «happiness» («baxt») so‘zining tarixi bo‘ldi.

Irlandiyadagi Kork universiteti professori Tom Birketning aytishicha, mazkur so‘z qadimgi skandinav tilidagi «happ» atamasidan kelib chiqqan bo‘lib, u dastlab «omad», «baxtli taqdir» yoki «yaxshi nasiba» ma’nosini anglatgan. Bu atamani Britaniyaga VIII–IX asrlarda kelgan vikinglar olib kirgan. Ilk davrlarda «happy» so‘zi insonning omadli yoki taqdir tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini anglatgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan uning ma’nosi o‘zgarib, quvonch, mamnunlik va farovon hayot tushunchalari bilan bog‘lana boshladi.

XVII–XVIII asrlarda Yevropada Ma’rifatparvarlik davri boshlangach, inson taqdiri faqat omadga emas, balki uning o‘z irodasi va harakatiga ham bog‘liq degan g‘oya keng tarqaldi. Shu tariqa «baxt» tushunchasi yangi mazmun kasb etdi va Tomas Jefferson uni insonning ajralmas huquqlaridan biri sifatida deklaratsiyaga kiritdi. Tadqiqotchilarning fikricha, hujjatda aynan «baxtga erishish» emas, balki «baxtga intilish huquqi» qayd etilgani ham bejiz emas. Bu inson har doim o‘z hayotini yaxshilashga harakat qilish huquqiga ega ekanini anglatadi. Shuningdek, deklaratsiyadagi «liberty» («erkinlik») so‘zi ham uzoq tarixga ega. U lotincha «libertas» atamasidan kelib chiqqan bo‘lib, qadimgi Rimda qullikdan ozod qilingan inson maqomini anglatgan. Keyinchalik bu so‘z fransuz tili orqali ingliz tiliga o‘tib, bugungi ma’nodagi «erkinlik» tushunchasiga aylangan.

Kembrij universiteti professori Filippa Stilning ta’kidlashicha, «erkinlik» g‘oyasi turli sivilizatsiyalarda ming yillar davomida shakllangan bo‘lib, deklaratsiya ana shu tarixiy merosning davomi hisoblanadi. Biroq u hujjat qabul qilingan davrda ham barcha insonlarga birdek tatbiq etilmagan. Chunki AQSH asoschilarining ayrimlari qullarga egalik qilgan va huquqlarni amalda hamma uchun ta’minlamagan. Tadqiqotchilar yana bir qiziq jihatga e’tibor qaratgan. Deklaratsiyadagi «government» («hukumat») atamasi ham qadimgi yunon tilidagi «kybernao» – «kemani boshqarish» ma’nosini anglatuvchi so‘zdan kelib chiqqan. Keyinchalik u lotin va fransuz tillari orqali ingliz tiliga kirib kelgan. Bugungi kunda esa aynan shu ildizdan «cyber» kabi atamalar ham paydo bo‘lgan.

Mutaxassislar fikricha, deklaratsiya nafaqat mustaqillik haqidagi siyosiy bayonot, balki ming yillar davomida shakllangan til, madaniyat va falsafiy qarashlarni o‘zida jamlagan noyob hujjatdir. Undagi har bir mashhur ibora ortida qadimgi Rim, german qabilalari, vikinglar va Ma’rifatparvarlik davri mutafakkirlarining g‘oyalari mujassam. Tarixchilarning ta’kidlashicha, aynan shu jihatlar AQSH Mustaqillik deklaratsiyasini ikki yarim asr o‘tganiga qaramay hali ham muhokamalar markazida saqlab kelmoqda. Bu hujjat nafaqat Amerika davlatchiligining ramzi, balki til, huquq va siyosiy tafakkur tarixini o‘rganishda ham eng muhim manbalardan biri sifatida baholanmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar