Venesuelada vayronalar ostidan go‘zallik tanlovi g‘olibasining jasadi topildi

Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli zilzilaning ayanchli oqibatlari tobora yaqqollashmoqda. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalash ishlarini davom ettirar ekan, halok bo‘lganlar ro‘yxatiga yana bir mashhur shaxs — go‘zallik tanlovi g‘olibasi Skarlent Rodriges ham qo‘shildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 23 yoshli Skarlent Rodriges va uning sevgan yigiti Xose Kastro Katia-la-Mar shahrida qulab tushgan ko‘p qavatli turarjoy binosi vayronalari ostidan topilgan. Ularning yaqinlari oxirgi daqiqalargacha tirik qolgan bo‘lishiga umid qilib kelgan.
Skarlent Rodriges «Miss Grand Orlando – 2025» tanlovida g‘olib chiqqanidan so‘ng keng jamoatchilikka tanilgan edi. Keyinchalik u «Miss Grand Florida» musobaqasida ham ishtirok etgan, ammo asosiy tojni qo‘lga kirita olmagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Venesueladagi halokatli zilzila qurbonlari soni 2300 nafarga yaqinlashgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qidiruv ishlarini davom ettirayotgan bo‘lsa-da, tirik qolganlarni topish umidi tobora kamayib bormoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar 2295 nafar halok bo‘lgan fuqaroning jasadi vayronalar ostidan olib chiqilgan. Mazkur halokat munosabati bilan mamlakatda yetti kunlik milliy motam e’lon qilingan.
Mutaxassislar vayronalarni tozalash ishlari hali davom etayotganini, shu bois qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini istisno etmayapti.






























Izohlar 0
…