Venesuelada 8 kun vayronalar ostida qolgan erkak tirik topildi

Venesuelada o‘tgan hafta sodir bo‘lgan kuchli zilzilalardan keyin vayronalar ostida qolgan 43 yoshli qo‘riqchi Ernan Alberto Gil Flores sakkiz kundan so‘ng tirik holda qutqarildi. Uning omon qolishi xalqaro qutqaruvchilar tomonidan haqiqiy mo‘jiza sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, u La-Guayra shahridagi Galerías Playa Grande savdo markazida tungi navbatda ishlayotgan paytda 7,2 va 7,5 magnitudali ketma-ket zilzilalar sodir bo‘lgan. Atrofdagi bino qulab tushgan bo‘lsa-da, kichik qo‘riqlash kabinkasi uni bosib qolishdan asragan va ichida havo saqlanib qolgan.
Kosta-Rika Qizil Xoch jamiyati mutaxassislari yakshanba kuni uning tirik ekanini aniqlagan. Qutqaruvchilarning aytishicha, Ernan dastlab xotiniga tirikligi haqida xabar berilmasligini so‘ragan, chunki qutqaruv muvaffaqiyatli yakunlanmasligidan xavotirlangan.

Payshanba kuni Chili, AQSH, Portugaliya, Meksika va boshqa mamlakatlar qutqaruvchilari ishtirokida o‘tkazilgan murakkab operatsiya natijasida Ernan vayronalar orasidan olib chiqildi. So‘nggi kunlarda unga maxsus kamera orqali aloqa o‘rnatilib, suv va suyuq ozuqa yetkazib turilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7,2 va 7,5 magnitudali zilzilalar oqibatida qariyb 2 200 kishi halok bo‘lgan, 11 mingdan ortiq odam jarohatlangan, yana o‘n minglab insonlar bedarak deb hisoblanmoqda.
Hozirda asosiy e’tibor jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Minglab odamlar boshpanasiz qolgan, oziq-ovqat va ichimlik suvi tanqisligi kuzatilmoqda. Jahon oziq-ovqat dasturi esa kamida 500 ming nafar insonga uch oy davomida gumanitar yordam zarurligini ma’lum qildi.






























Izohlar 0
…