Seriallar va filmlar ixlosmandlarining sevimli ilovasi TV Time oʻz faoliyatini toʻxtatmoqda

Dunyo boʻylab millionlab foydalanuvchilar orasida mashhur boʻlgan, tomosha qilinayotgan seriallar va filmlarni kuzatib borish imkonini beruvchi TV Time platformasi yopilmoqda. Ilova maʼmuriyati foydalanuvchilarga yoʻllagan rasmiy xabarnomasida servis 2026-yilning 15-iyulidan boshlab oʻz faoliyatini butunlay toʻxtatishini maʼlum qildi. Bu qaror koʻplab kinoixlosmandlar uchun kutilmagan yangilik boʻldi, chunki platforma yirik jamoatchilik markaziga aylanib ulgurgan edi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya vakillarining tushuntirishicha, bepul ilovani saqlab turish xarajatlari haddan tashqari oshib ketgan, pullik obuna modeliga oʻtish uchun esa yetarli talab mavjud emas. Biroq, soha ekspertlarining fikricha, TV Time yopilishining asosiy sababi moliya emas, balki kompaniyaning sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalariga yoʻnaltirilgan yangi strategiyasidir. Bu haqda TechCrunch va ixbt.com nashrlari xabar bermoqda.
Sunʼiy intellekt poygasi va strategik oʻzgarishlar
TV Time egasi boʻlgan Whip Media kompaniyasi 2025-yil boshida Blue Torch Capital investitsiya fondi tomonidan sotib olingan edi. Yangi egalar kompaniya kelajagini faqat sunʼiy intellekt yoʻnalishida koʻrmoqda. Shu sababli, Whip Media oʻz eʼtiborini isteʼmolchilar uchun moʻljallangan oddiy ilovalardan koʻra, daromadliroq hisoblangan Helix kabi AI-platformalarga qaratishga qaror qildi. Helix tizimi striming tahliliyoti va media taʼminot zanjirlarini avtomatlashtirish bilan shugʻullanadi.Appfigures maʼlumotlariga koʻra, TV Time ilovasi shu vaqtgacha 26 milliondan ortiq marta yuklab olingan va hatto soʻnggi bir oy ichida 29 mingta yangi foydalanuvchi qoʻshilgan. Shunga qaramay, zamonaviy texnologiya bozorida kompaniyalar foydalanuvchilar bazasidan koʻra, sunʼiy intellektga asoslangan biznes modellarni ustuvor deb bilmoqda. Avvalroq Mozilla ham xuddi shunday sabab bilan oʻzining Pocket servisiga boʻlgan eʼtiborni kamaytirgan edi.
Qizigʻi shundaki, Whip Media mashhur ilovani sotish oʻrniga uni butunlay yopishni afzal koʻrdi. Taxminlarga koʻra, kompaniya oʻzining qimmatli maʼlumotlar bazasini raqobatchilar qoʻliga oʻtishini istamaydi. TV Time yillar davomida toʻplagan tomoshabinlar didi va reytinglari haqidagi maʼlumotlar media bozori uchun juda qimmatli hisoblanadi.
Foydalanuvchilar maʼlumotlari nima boʻladi?
Platforma yopilishi bilan bogʻliq asosiy xavfsizlik choralari quyidagilardan iborat:- 2026-yil 15-iyuldan boshlab ilova barcha doʻkonlardan (App Store va Google Play) olib tashlanadi;
- Foydalanuvchilar ushbu muddatgacha oʻzlarining barcha qaydlari va tomosha tarixini eksport qilib olishlari mumkin;
- Kompaniya barcha shaxsiy maʼlumotlar oʻchirib tashlanishini va ular tijoriy maqsadlarda ishlatilmasligini kafolatlamoqda.






























Izohlar 0
…