6 million asalarini saqlab qolgan inson haqida nimalar ma’lum?

Singapurda 42 yoshli Klarens Chua asalarilarni yo‘q qilish o‘rniga ularni xavfsiz joyga ko‘chirish bilan shug‘ullanib, so‘nggi olti yil ichida qariyb 6 million asalarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Klarens Chua asalari uyalarini oddiy bandana va qo‘lqopsiz, faqat o‘z tajribasiga tayangan holda ehtiyotkorlik bilan yig‘ib, maxsus yog‘och qutilarga joylaydi. Keyin esa ularni xavfsiz hududlarga, ba’zan hatto o‘z hovlisida tashkil etgan asalarichilik maydoniga ko‘chiradi.
Uning aytishicha, asalarilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, ularga xavf tug‘dirilmasa, insonga tajovuz qilmaydi.
Singapurda uyiga yoki hovlisiga asalari uya qurgan odamlar odatda zararkunandalarga qarshi kurash xizmatlariga murojaat qiladi. Bunday xizmatlar uyani bir necha daqiqada yo‘q qilib tashlaydi. Ammo Klarens aholini asalarilarni yo‘q qilish o‘rniga qutqarishga ko‘ndirishga erishgan. U mazkur xizmatni uyaning hajmiga qarab haq evaziga amalga oshiradi.

So‘nggi olti yil davomida u har yili o‘rtacha 100 ta asalari uyasini boshqa joyga ko‘chirgan. Bu esa umumiy hisobda taxminan 6 million asalarining hayoti saqlab qolinganini anglatadi. Ko‘chirish jarayonida ona asalari, lichinkalar va ishchi asalarilar birgalikda saqlanadi, shundan so‘ng ular Klarens boshqaradigan uchta asalarichilik hududiga joylashtiriladi.
U faoliyati davomida juda noodatiy joylardan ham asalarilarni qutqargan. Jumladan, turar joy majmuasidagi ibodat uychasidan, hatto samolyot dvigateliga joylashgan uyani ham xavfsiz tarzda ko‘chirgan. Samolyot esa asalarilar olib chiqilmaguncha parvoz qila olmagan.
Asalarilarni qutqarish madaniyati ommalashayotgani sababli, bugungi kunda Singapurdagi mahalliy shahar kengashlari ham jamoat turar joylaridagi uyalarni ko‘chirish uchun Klarens xizmatidan foydalanmoqda.
Shu bilan birga, bu ish xavfdan xoli emas. Bir safar u sokin deb o‘ylagan asalarilar to‘dasiga yaqinlashganida, ular hujum qilib, yarim daqiqa ichida uni qariyb 100 marta chaqqan. Bu voqeadan keyin u tabiatni hech qachon mensimaslik kerakligini anglaganini aytadi.

Klarens ijtimoiy tarmoqlarda ham asalarilarni muhofaza qilish g‘oyasini faol targ‘ib qiladi. Uning birinchi shaxs nuqtayi nazaridan olingan videolari minglab kuzatuvchilarning e’tiborini tortgan.
Uning ta’kidlashicha, asalarilarsiz meva-sabzavot hosili keskin kamayishi yoki ularning narxi ancha qimmatlashishi mumkin. Shu bois inson hayoti va oziq-ovqat xavfsizligi uchun asalarilarni asrash juda muhim ahamiyatga ega.






























Izohlar 0
…