Mashhur model va bloger 2 yoshli qiziga saraton tashxisi qo‘yilganini ma’lum qildi

Mashhur bloger Nara Smit 2 yoshli qizi Uimsi Lu (Whimsy Lou)ga saraton tashxisi qo‘yilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Instagram sahifasida e’lon qilingan videosi orqali muxlislariga ma’lum qildi.
24 yoshli blogerning aytishicha, ushbu tashxis qizi uchun o‘tgan yil oxirida qo‘yilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hammasi qizchasining tanasida shubhali belgini payqashganidan keyin boshlangan. Nara va turmush o‘rtog‘i, model Laki Blu Smit farzandini dastlab shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borgan, biroq u yerda shifokorlar aniq xulosa chiqara olmagan.
Keyinchalik pediatr ko‘rigidan so‘ng ularga zudlik bilan bolalar shifoxonasiga murojaat qilish tavsiya etilgan. Naraning ta’kidlashicha, aynan o‘sha paytda qizida saraton bo‘lishi mumkinligi haqida ilk bor o‘ylagan.
Ko‘plab rentgen, ultratovush tekshiruvlari va biopsiyadan keyin shifokorlar Uimsi Luga saraton tashxisi qo‘yilganini hamda kasallik organizmning boshqa qismlariga ham tarqalganini ma’lum qilgan. Shu bois unga darhol kimyoterapiya muolajalarini boshlash tavsiya etilgan.
Blogerning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon butun oila uchun juda og‘ir kechgan. Shu bilan birga, ular boshqa farzandlari — Rambl Hani, Slim Izi va Fauni Goldenga ham mehr va e’tibor berishga harakat qilgan. Laki Blu Smitning avvalgi munosabatidan tug‘ilgan Graviti ismli qizi ham bor.
Nara Smit oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda kamroq faol bo‘lganining sababini ham shu voqea bilan izohladi. U mazkur hikoyani boshqa oilalar o‘z farzandlaridagi shubhali belgilarni e’tiborsiz qoldirmasligi va vaqtida shifokorga murojaat qilishi uchun baham ko‘rganini aytdi.
Shuningdek, bloger farzandining davolanish jarayonida yordam bergan barcha shifokorlar va hamshiralarga minnatdorlik bildirib, ularning mehnatini yuksak baholadi.






























Izohlar 0
…