09:32 / 04.06.2017
6 698

Londonda bir nechta teraktlar sodir etildi

Londonda bir nechta teraktlar sodir etildi
Londonda 4 iyunga o‘tar kechasi odamlarga hujum qilish bilan bog‘liq 3 ta voqea yuz berdi, deb yozadi Kun.uz nashri.

Birinchi voqea London ko‘prigida yuz bergan. Bu erda mikroavtubos haydovchisi piyodalarni bosib ketgan. So‘ngra yaqin orada joylashgan Boro-market bozorida sovuq qurol qo‘llangan holda odamlarga hujum sodir etilgani ma’lum qilingan. Ayni vaqtda ko‘prik yopilgan, polisiya yaqin oradagi binolardan odamlarni evakuasiya qilgan.

"Soat 22:08dan boshlab polisiyachilar London-brij ko‘prigida avtomobil piyodalar bilan to‘qnashgani haqidagi xabarlarga javob bera boshlashgan", deb ma’lum qilindi Skotland-Yardda.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar bosib ketilgan avtomobil ichidan 3 nafar qurollangan odam chiqib kelgan. Ulardan ikki nafari polisiya tomondan otib o‘ldirilgan, bir nafari qochishga muvaffaq bo‘lgan.

"So‘ngra polisiyachilar Boro-marketda odamlarga pichoq bilan hujum qilingani haqidagi xabarga chiqishgan. Qurollangan polisiyachilar bosqinchilarga o‘q uzishgan", deb aytildi polisiyaning boshqa bir xabarida.

Guvohlar bu erda intensiv otishma olib borilayotgani va ov pichog‘i bilan qurollangan odam restoranga kirib, u erda xunrezlik sodir etganini ma’lum qilishgan.

"Bi-bi-si" telekanalining polisiyaga iqtibos keltirgan holda xabar berishicha, London ko‘prigidagi voqea oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan.

So‘ngra London polisiyasi shaharda yuz bergan uchinchi hujum haqida ma’lum qilgan.

"Hozir polisiya Voksxolldagi voqea bilan shug‘ullanmoqda", deb ma’lum qildi polisiya tvitterda. Bu tuman Temza daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Vestminsterdan janub tomonda joylashgan.

Sky News telekanali o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda, gap teraktlar haqidagi ketayotganini ma’lum qilgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri devonxonasi Tereza Mey vaziyatdan xabardor ekanligini va muntazam ma’lumotlar olib turganini ma’lum qilgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, teraktlar oqibatida 7 nafarga yaqin odam halok bo‘lgan, 20 dan ko‘proq odam jarohat olgan.

Polisiya yuz bergan voqealardan London ko‘prigi va Boro-market bozoridagi hujumlarni terakt sifatida tasniflagan. Voksxolldagi voqea esa terakt deb tan olinmagan, bu erda mojaro oqibatida pichoqbozlik yuz bergan.

Hujumlar shanba kuni kechki vaqt, London ko‘chalari, sohilbo‘ylari odatdagidek odamlar bilan gavjum vaqtda sodir etildi. Bu kecha Londondagi ko‘plab pablar Chempionlar Ligasini tomosha qilgani kelgan odamlar bilan to‘la bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Buyuk Britaniyada ikkita terakt sodir etilgandi. 22 mart kuni Londondagi parlament binosi yaqinidagi Vestminster ko‘prigida 52 yoshli terrorchi Holid Mas’ud mashinasida odamlarni bosib ketgandi. Bu hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 50 ga yaqin kishi jarohat olgandi. Terrorchi otib tashlangandi.

23 may kuni esa Manchesterdagi stadionda konsert vaqtida 22 yoshli hudkush Salmon Abadiy o‘zini portlatgan. Oqibatda 23 kishi, asosan bolalar va o‘smirlar halok bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Londonda bir nechta teraktlar sodir etildi