Mahatma Gandining qo‘lyozmalari rekord narxda sotildi

Hindiston mustaqilligi harakatining yetakchilaridan biri Mahatma Gandiga tegishli 600 dan ortiq qo‘lyozma qaydlari auksionda 1,69 million dollarga sotildi. Bu haqda “Anadolu” ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qimmatbaho qo‘lyozmalar Mumbay shahrida tashkil etilgan auksionda savdoga chiqarilgan. Gandi 1944–1946 yillarda yozgan ushbu qaydlarda uning hayot, haqiqat va insonning o‘zini nazorat qilishi haqidagi qarashlari aks etgan.
Auksionni tashkil qilgan Saffronart savdo uyi ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lyozmalarning 1,69 million dollarga sotilishi Hindiston tarixiga oid hujjat uchun auksionda to‘langan eng yuqori narx bo‘ldi.
Xaridorning shaxsi hozircha oshkor etilmagan. Shu bilan birga, qo‘lyozmalar Hindistonda qolishi ma’lum qilingan.
Mahatma Gandi zo‘ravonliksiz yo‘l orqali ijtimoiy adolatga erishishni targ‘ib qilgan “Satyagraxa” harakatining asoschilaridan biri sanaladi. U vafotidan keyin ham shaxsiy erkinlik va fuqarolik huquqlari uchun kurashuvchilar uchun muhim ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.






























Izohlar 0
…