Xitoylik erkak 300 yillik sportzal abonementiga aldandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xanchjou shahrida yashovchi Jin ismli erkak sportzal xodimlarining foyda keltiruvchi taklifiga ishonib, 871 273,27 yuan mablag‘idan ayrildi.
- U arzon narxda sotib olib, qimmatroqqa sotishni rejalashtirgan 300 ta yillik abonement va 1 200 ta shaxsiy mashg‘ulot uchun shartnoma imzoladi, biroq ularni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanganini keyinroq angladi.
Xitoyning Xanchjou shahrida yashovchi erkak sportzal xodimlarining taklifiga ishonib, 870 ming yuandan ortiq mablag‘idan ayrildi. U arzon narxda abonementlar sotib olib, ularni boshqalarga qimmatroq narxda qayta sotish orqali foyda olishni rejalashtirgan. Biroq natijada uning qo‘lida 300 yillik sportzal abonementlari va 1 200 ta shaxsiy mashg‘ulot qoldi.
Xitoy ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Jin ismi bilan tanilgan erkak Ranyan Fitness sportzaliga uch yil davomida qatnab kelgan. Bir kuni savdo vakili unga doimiy mijozlar uchun maxsus taklif borligini aytgan. Unga ko‘ra, abonementlarni arzon narxda sotib olib, keyinchalik ikki baravar qimmatga qayta sotish mumkin edi.
Sportzal xodimlari abonementlar ikki oy ichida sotilmasa, pulni to‘liq qaytarishga va’da berishgan.
Foyda va’dasiga ishonib, katta mablag‘ sarfladi
«Menga abonementni 8 888 yuanga sotib olishni taklif qilishdi. Keyin uni 16 666 yuanga sotishlarini va faqat 10 foiz komissiya olishlarini aytishdi», — dedi Jin.
Bir yillik abonementni sotib olganidan bir necha kun o‘tib, savdo vakili yana unga murojaat qilib, aksiya bo‘yicha bir nechta abonement qolganini aytgan. Erkak bu imkoniyatdan foydalanib, daromadini oshirish maqsadida yana pul sarflagan. Keyin esa sportzal rahbari bilan tanishtirilib, unga yanada jozibali investitsiya rejasi taklif qilingan.
Erkakning aytishicha, u 10 maydan 9 iyulgacha qariyb 1 200 ta shaxsiy mashg‘ulot va 300 ta yillik abonement sotib olgan. Buning uchun jami 871 273,27 yuan, ya’ni taxminan 121 ming dollar sarflagan.
«Natijada menga 26 ta qalin shartnoma berishdi. Ularning har birida abonementlarni boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin emasligi ko‘rsatilgan edi», — dedi u.
Xitoyda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi taxminan 78 yilni tashkil etishini hisobga olsak, Jinning 300 yillik abonementlardan to‘liq foydalanishi amalda imkonsiz.
Iyul oyining o‘rtasida pulni qaytarish vaqti kelganida, sportzalning savdo xodimi, filial rahbari va egasi g‘oyib bo‘lgan. Ularning telefon raqamlari ham ishlamay qolgan. Jin sarflagan mablag‘idan bir tiyin ham qaytara olmagan.
Aldanganini anglagan erkak Xanchjou politsiyasiga murojaat qilgan va pullarining bir qismini qaytarish umidida sudga da’vo kiritgan.
Biroq huquqshunoslar bu jarayon oson kechmasligini ta’kidlamoqda. Sababi, firibgarlikda gumon qilinayotgan shaxslar hozircha topilmagan. Bundan tashqari, Jin imzolagan shartnomalarda abonementlarni boshqalarga o‘tkazish taqiqlangan.
Ushbu voqea katta foyda va’da qiluvchi takliflarga ko‘r-ko‘rona ishonish qanday moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatadi. Mutaxassislar bunday holatlarda shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘rganish va pul qaytarilishi haqidagi va’dalarni tekshirish muhimligini ta’kidlaydi.






























Izohlar 0
…