Kaliforniyada itlar serfing bo‘yicha chempionatda barchani hayratda qoldirdi

Kaliforniyaning shimoliy sohillarida har yili o‘tkaziladigan Jahon itlar serfing chempionati yana bir bor tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Turli zot va hajmdagi itlar Tinch okeani to‘lqinlarida serfing qilib, yuzlab mehmonlarning e’tiborini o‘ziga qaratdi.
10 marta tashkil etilgan musobaqa San-Fransiskodan taxminan 22 kilometr janubda joylashgan Tinch okeani sohilida bo‘lib o‘tdi. Unda kichik spaniyellardan tortib yirik labradorlargacha bo‘lgan turli zot vakillari ishtirok etib, serfingdagi mahoratini namoyish qildi.
Hakamlar itlarni taxta ustida qancha vaqt tura olgani, qanday kattalikdagi to‘lqinlarni zabt etgani va serfing jarayonida o‘zini qanchalik ishonchli tutganiga qarab baholadi.
Musobaqaning 10-yilligi munosabati bilan tadbir doirasida nafaqat qiziqarli bellashuvlar, balki uy hayvonlarini asrab olish aksiyasi ham o‘tkazildi. Shuningdek, mahalliy hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari uchun mablag‘ yig‘ish tashabbuslari ham tashkil etildi.
Rang-barang qutqaruv jiletlarini kiygan itlar o‘z egalari yordamida to‘lqinlarga olib chiqildi. Ular serfing taxtalarida sohil tomon harakatlanar ekan, har bir muvaffaqiyatli chiqishdan so‘ng tomoshabinlar olqishi va quvnoq hayqiriqlariga sazovor bo‘ldi.
Hantington-sohilida yashovchi Sofiya Sedlovski o‘zining miniatyura pincheri Rasti haqida ham qiziq voqeani so‘zlab berdi. U kuchukchalik paytida Rastini dastlab faqat suratga tushirish uchun serfing taxtasiga chiqargan. Ammo it taxtadan tushishni istamagan va keyinchalik birinchi to‘lqinni muvaffaqiyatli zabt etib, barchani hayratda qoldirgan.






























Izohlar 0
…