Eron telekanali Donald Trampning 20 yoshli o‘g‘li Barron Trampni nishonga oldi

AQSH Maxfiy xizmati Eron davlat telekanalida namoyish etilgan, ehtimol, prezident Donald Trampning 20 yoshli kenja o‘g‘li Barron Trampga tahdidlarni o‘z ichiga olgan videolavha yuzasidan tekshiruv boshladi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fevral oyida Eron bilan AQSH va Isroil o‘rtasidagi urush boshlanganidan keyin Eronning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy va uning oila a’zolari o‘ldirilgan. Shundan so‘ng radikal qarashlarga ega Eron OAVlari prezident Tramp va uning oila a’zolariga tahdid mazmunidagi materiallarni bir necha bor tarqatgan.
Birinchi xonim Melaniya Trampga nisbatan bunday tahdidlar avval ham bildirilgan. Biroq bu safar prezidentning kenja o‘g‘li Barron Tramp ommaviy ravishda tahdid obyektiga aylangani aytilmoqda.
AQSH Maxfiy xizmati vakili Neyt Xerring videolavha haqida xabarlari borligini tasdiqladi. «Maxfiy xizmat ushbu videoyazuvdan xabardor va qo‘riqlovimizdagi shaxslarga tahdid sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarni tekshirmoqda», — dedi u.
Shu bilan birga, Xerring operativ xavfsizlik nuqtayi nazaridan prezident va uning oilasi muhofazasi bilan bog‘liq razvedka ma’lumotlarini muhokama qilmasliklarini ta’kidladi.

“Channel 3” telekanalida namoyish etilgan uch daqiqalik videolavhada zo‘ravonlikka chaqiriqlar, shuningdek, AQSH prezidentining o‘g‘li tez-tez bo‘lib turadigani ma’lum bo‘lgan joylarning sahnalashtirilgan tasvirlari aks ettirilgan.
Videoning yakunida esa diktor odamlar «10 million dollarlik mukofotni qo‘lga kiritishni intiqlik bilan kutayotgani» haqida bayonot bergan. Hozircha AQSH Maxfiy xizmati videodagi tahdidning qay darajada real ekanini aniqlamoqda.






























Izohlar 0
…