NASA noyob teleskopni koinotga uchirishga tayyorlanmoqda

NASA koinot sirlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradigan yangi avlod observatoriyasi — «Nensi Greys Roman» kosmik teleskopini uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, SpaceX kompaniyasining Falcon Heavy raketasi teleskop bilan 30 avgust kuni parvoz qilishi rejalashtirilgan. Ushbu uchirish dastlab belgilangan muddatdan qariyb to‘qqiz oy oldinga surilgan.
Roman teleskopining eng muhim jihatlaridan biri uning juda keng ko‘rish maydonidir. U bir vaqtning o‘zida «Xabbl» teleskopiga qaraganda kamida 100 baravar katta hududni kuzata oladi.
NASA hisob-kitoblariga ko‘ra, observatoriya o‘z faoliyati davomida taxminan 1 milliard galaktikadan kelayotgan yorug‘likni qayd etadi. Bu «Xabbl» teleskopining 37 yillik kuzatuvlari davomida to‘plagan ma’lumotlaridan sezilarli darajada ko‘p.
Kosmik observatoriya ikkita asosiy ilmiy qurilma bilan jihozlangan. Ulardan biri infraqizil xaritalar tuzish va gravitatsion mikrolinzalash yordamida ekzoplanetalarni aniqlashga xizmat qiluvchi keng maydonli kamera bo‘lsa, ikkinchisi uzoqdagi kosmik obyektlarni bevosita tasvirga olish imkonini beruvchi koronografdir.
Teleskop Yerdan qariyb 1,5 million kilometr uzoqlikdagi Lagranj nuqtasiga yo‘naltiriladi. Aynan shu hududda «Jeyms Uebb» kosmik teleskopi ham faoliyat yuritmoqda.
Roman observatoriyasining asosiy vazifalaridan biri qorong‘u energiya va qorong‘u materiyaning tabiatini o‘rganish hamda koinotning keng ko‘lamdagi tuzilishini yaxshiroq tushunishdan iborat.

Bundan tashqari, olimlar Somon yo‘lidagi sayyora tizimlarining keng qamrovli katalogini yaratishni rejalashtirmoqda.
Teleskop NASAning ilk bosh astronomi Nensi Greys Roman sharafiga nomlangan. U orbital teleskoplar dasturini rivojlantirishdagi katta hissasi sababli ilmiy jamoatchilikda «Xabblning onasi» nomi bilan tanilgan.
Yangi observatoriya «Jeyms Uebb» teleskopining imkoniyatlarini to‘ldiradi. «Uebb» alohida kosmik obyektlarni nihoyatda batafsil o‘rganishga ixtisoslashgan bo‘lsa, Roman teleskopi koinotning ulkan hududlarini keng va panoramali ko‘rinishda tadqiq etish imkonini beradi.






























Izohlar 0
…