3400 ta o‘pich izi tushirilgan mashina egasi jarimaga tortildi

Hindistonning Madhya-Pradesh shtatidagi Gvalior shahrida ijtimoiy tarmoqda ommalashish uchun qilingan g‘ayrioddiy «tryuk» mashina egasiga qimmatga tushdi. Bu haqda India Today xabar berdi.
Aditya Sikarvarning avtomobili qiz do‘sti tomonidan taxminan 3400 ta lab bo‘yog‘i bilan tushirilgan o‘pich izlari bilan qoplangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qiz xorijdagi ijtimoiy tarmoq trendidan ilhomlanib, avtomobilni o‘ziga xos tarzda bezashga qaror qilgan. U mashina eshiklari, kapoti, yukxonasi va ustunlariga minglab o‘pich shaklidagi izlarni tushirish uchun qariyb to‘rt soat vaqt sarflagan.
Avtomobilning g‘ayrioddiy ko‘rinishi aks etgan surat va videolar Instagram hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib, millionlab ko‘rishlar to‘plagan. Biroq virusli rolik Gvalior yo‘l politsiyasining ham e’tiborini tortgan. Xodimlar videoda ko‘ringan davlat raqami orqali avtomobilni aniqlab, uni Tatipur hududidan topgan.
Politsiya ma’lum qilishicha, videoda avtomobilning shahar ko‘chalarida harakatlanayotgani ham aks etgan va uning tashqi ko‘rinishini bunday tarzda o‘zgartirish transport vositalariga oid qoidalarga zid bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng Aditya politsiya bo‘limiga chaqirilib, unga 5500 rupiy miqdorida jarima solingan.
Bundan tashqari, politsiya avtomobildagi barcha lab bo‘yog‘i izlarini olib tashlashni va mashinani tozalashni talab qilgan. Aditya o‘z xatosini tan olgan va bunday ishni boshqa takrorlamasligini bildirgan.
Shu tariqa ijtimoiy tarmoqda ko‘proq ko‘rishlar yig‘ish maqsadida qilingan g‘ayrioddiy g‘oya egasiga kutilmagan jarima bilan yakunlangan.






























Izohlar 0
…