Xitoy bozoriga zarba: AQSH energetikasida taqiqlar va yangi tartib kuchga kirdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat energetika infratuzilmasida milliy favqulodda holat (CHS) rejimini joriy etish to‘g‘risidagi maxsus farmonni imzoladi. Mazkur hujjat AQSH energetika tizimiga xorijdan — xususan Xitoy va boshqa «nomaqbul» davlatlardan uskunalar, ehtiyot qismlar hamda dasturiy ta’minot olib kirishni to‘liq taqiqlash yoki keskin cheklash huquqini beradi.
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, xorijiy kuchlar AQSHning mudofaa tizimi, tezkor qutqaruv xizmatlari va iqtisodiyotini ta’minlovchi elektr tarmoqlaridagi zaif nuqtalardan foydalanish xavfini tobora oshirmoqda.
«Yashirin raqamli tuynuklar»: Cheklovlarning asl sababi nima?
Farmonda xorijiy uskunalar milliy xavfsizlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri kibertahdid tug‘dirishi alohida qayd etilgan:
«Ayrim xorijiy subyektlar AQSH elektr energiyasi tizimidagi zaifliklarni tobora ko‘proq yaratmoqda va ulardan foydalanmoqda. Ilgari amal qilgan minimal cheklovlar xorijiy tashkilotlarga ushbu tizimlarga ta’sir o‘tkazish imkonini berdi.
Masalan, xorijda ishlab chiqarilgan uskunalarda boshqa davlatga masofadan turib ulanish imkonini beruvchi yashirin raqamli „bekdorlar“ (backdoors) bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, xorijiy ta’minot zanjirlariga qaramlik xalqaro savdodagi uzilishlar paytida AQSHni energiyasiz qoldirish xavfini tug‘diradi», — deyiladi rasmiy hujjatda.
Qanday taqiqlar joriy etildi? 4 ta asosiy cheklov
Yangi qarorga ko‘ra, amerikalik energetika kompaniyalari uchun quyidagi qat’iy talablar kuchga kirdi:
Import va o‘rnatish taqiqi: Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan yangi xorijiy transformatorlar, generatorlar, quyosh panellari invertorlari va tarmoqni boshqarish tizimlarini olib kirish hamda o‘rnatish to‘xtatildi;
Ishlab turgan texnikani demontaj qilish: AQSH Energetika vazirligi allaqachon ishlab turgan xorijiy uskunalarda yashirin raqamli zaifliklar aniqlansa, ularni majburiy tarzda tarmoqdan uzish, izolyatsiya qilish yoki butunlay olib tashlash huquqini oldi;
Dasturiy ta’minot blokadasi: Nafaqat uskunalarning o‘zi («temirlar»), balki xakerlar tarmoqni boshqarishiga yo‘l ochib berishi mumkin bo‘lgan xorijiy dasturiy tizimlar (proshivkalar va masofaviy boshqaruv tizimlari) ham taqiqlandi;
Mahalliy mahsulotga ustuvorlik: Federal xaridlar qoidalari qayta ko‘rib chiqilib, faqat AQSH ichida ishlab chiqarilgan mahalliy energetika jihozlariga ustuvorlik berilmoqda.
Xitoy bozoriga kuchli zarba
Hujjat matnida to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy nomi keltirilmagan bo‘lsa-da, asosiy zarba aynan Pekinga qaratilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Bugungi kunda Xitoy qayta tiklanuvchi energetika va elektr tarmoqlari uchun zarur uskunalarning eng yirik global ta’minotchisi hisoblanadi. Xususan, dunyo bo‘yicha quyosh energetikasi komponentlarining 85 foizga yaqini va yuqori quvvatli transformatorlar bozorining ulkan qismi Xitoy kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Trampning mazkur qarori global texnologik qarama-qarshilikning yangi bosqichini boshlab berishi mumkin.































Izohlar 0
…