Ishda 200 marta o‘tirib-turishga majbur qilingan xodima og‘ir ahvolga tushdi

Ishda 200 marta o‘tirib-turishga majbur qilingan xodima og‘ir ahvolga tushdi

Xitoyda 29 yoshli ayol ishda belgilangan ko‘rsatkichlarni bajara olmagani uchun rahbari tomonidan 200 marta o‘tirib-turishga majbur qilinganidan keyin shifoxonaga yotqizildi. Unda hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lgan rabdomioliz kasalligi aniqlangan.

Yang ismli ayol iyun oyida Xitoyning sharqiy qismidagi Xanchjou shahrida kredit yordami kompaniyasida moliyaviy maslahatchi bo‘lib ish boshlagan. Uning oylik maoshi 4500 yuan — taxminan 490 funtni tashkil qilgan.

Aslida bu lavozim telefon orqali savdo qilish bilan bog‘liq bo‘lib, xodimlar har kuni 200 ta qo‘ng‘iroq qilish, bitta mijozni taklif etish va hamkorlik qilish istagini bildirgan yana bir ehtimoliy mijozni jalb etishi kerak bo‘lgan.

28 iyul kuni Yang belgilangan ikki vazifani bajara olmagan. Shundan so‘ng familiyasi Chjan bo‘lgan menejer unga jazo sifatida 200 marta o‘tirib-turishni buyurgan. Uning o‘rniga bajarilmagan har bir vazifa uchun 50 yuan jarima to‘lash imkoniyati ham berilgan.

«Menda pul yo‘q», — degan Yang nima uchun mashqni tanlaganini tushuntirar ekan.

U rahbariga isbot sifatida jazoni bajarayotganini videoga olgan. Yang 200 marta o‘tirib-turishni ofis binosi atrofida bir necha qismga bo‘lib amalga oshirgan. Biroq oxirgi takrorlardan so‘ng uning oyoqlari kuchli og‘rib, tik turishi qiyinlashgan va yurishda ham zo‘rg‘a harakatlangan.

Yang oyoqlarida kuchli og‘riq bo‘lganini aytgan. Ammo davolanish uchun mablag‘i yetmagani sababli darhol shifokorga murojaat qilmagan.

Shundan so‘ng ayol shifoxonaga borgan va unga rabdomioliz tashxisi qo‘yilgan. Bu shikastlangan mushak to‘qimalarining juda tez parchalanishi natijasida yuzaga keladigan jiddiy holat bo‘lib, ayrim vaziyatlarda hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Yangning kreatinkinaza ko‘rsatkichi taxminan 160 ming U/L ga yetgan. Bu mushaklar jiddiy zararlanganini ko‘rsatuvchi nihoyatda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Yaxshiyamki, unda buyrak yetishmovchiligi rivojlanmagan. Shifokorlar unga dam olish va og‘ir jismoniy mashqlardan saqlanishni tavsiya qilgan.

Davolanish uchun Yang taxminan 1400 yuan — 150 funt sarflagan. Sog‘lig‘i tufayli ishlashda davom eta olmagani uchun kompaniyadan bo‘shagan.

U kompaniyadan davolanish va transport xarajatlarini qoplashni, shuningdek, 15 ming yuan — taxminan 1640 funt miqdorida tovon puli to‘lashni talab qilgan.

Biroq menejer Chjan uning talablarini rad etgan. Shu bilan birga, u xodimlarga jismoniy jazo berish mehnat qonunchiligiga zid ekanini bilganini tan olgan.

«Bu mehnat qonunchiligini buzishini men ham bilaman», — degan Chjan. Uning ta’kidlashicha, savdo kompaniyalari pul ishlash uchun xodimlarga bosim o‘tkazishi kerak.

Yang ushbu holat yuzasidan mehnat inspeksiyasiga murojaat qilgan. Mas’ullar esa voqea bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar