360 tonnalik qal’a minorasini 1800 kishi qo‘lda surdi

Yaponiyaning Aomori prefekturasidagi Xirosaki shahrida qariyb 1800 kishi 360 tonna og‘irlikdagi Xirosaki qal’asi minorasini arqonlar yordamida 2,22 metr masofaga surdi.
Tarixiy inshootni ko‘chirish ishlari 22–23 avgust kunlari o‘tkazildi. Ishtirokchilar taxminan 80 kishilik guruhlarga bo‘linib, uzunligi 30 metr bo‘lgan arqonlarni navbat bilan tortdi. Birinchi kuni minora 1,13 metr, ikkinchi kuni esa yana 1,09 metr siljitildi.
Minora 2015 yilda uning ostidagi tosh devorni ta’mirlash uchun dastlabki joyidan qariyb 70 metr uzoqlikka ko‘chirilgan edi. Tosh devorni qayta tiklash ishlari 2024 yilda yakunlangan. Ta’mirlash jarayonida 2185 ta tosh qayta o‘z o‘rniga joylashtirilgan.
Minora «xikiya» deb ataladigan an’anaviy yapon usuli orqali ko‘chirilmoqda. Bunda bino buzib tashlanmaydi — maxsus rels va roliklar yordamida yaxlit holda asta-sekin siljitiladi. Xirosaki qal’asini o‘z joyiga qaytarish loyihasi taxminan 78 metrni tashkil etadi. Qo‘lda bajariladigan ramziy ko‘chirish jarayonida jami 4100 ga yaqin kishi qatnashishi rejalashtirilgan. Qolgan masofa esa maxsus texnika yordamida bosib o‘tiladi.

Xirosaki qal’asining hozirgi uch qavatli minorasi 1810 yilda qayta qurilgan bo‘lib, Yaponiyada saqlanib qolgan asl qal’a minoralaridan biri hisoblanadi. Uni to‘liq qayta tiklash ishlari 2032 yilgacha davom etishi, shundan so‘ng qal’a hududi yana tashrif buyuruvchilar uchun ochilishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…