Galaxy S26 Ultra ekranidagi qizil tus muammosi toʻliq bartaraf etilmadi

Samsung kompaniyasining eng soʻnggi flagman qurilmalaridan biri boʻlgan Galaxy S26 Ultra displeylaridagi texnik nosozlik foydalanuvchilar oʻrtasida muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Joriy yilning iyul oyida ilk bor aniqlangan ekran qizarishi muammosini dasturiy yoʻl bilan hal qilish urinishlari kutilgan natijani bermayotgani maʼlum boʻldi. Yangilangan dasturiy taʼminot baʼzi qurilmalarda vaziyatni oʻnglagan boʻlsa-da, boshqa foydalanuvchilar uchun muammo yanada murakkablashgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Newsway nashrining xabar berishicha, Samsung muammoni bartaraf etish maqsadida maxsus yangilanish chiqargan edi. Biroq foydalanuvchilarning dastlabki eʼtirozlari shuni koʻrsatmoqdaki, taqdim etilgan patch barcha qurilmalarda ham ijobiy natija koʻrsatmadi. Ayrim gadjetlarda qizil tus yoʻqolmagan boʻlsa, boshqalarida tamomila yangi nuqsonlar yuzaga chiqqan.
Yangilanishdan keyingi yangi nuqsonlar
Dasturiy tuzatish oʻrnatilgandan soʻng, foydalanuvchilar ekran atrofida yangi nomutanosibliklarni sezishni boshladi. Xususan, displeyning yuqori va pastki qirralari boʻylab qizil hududlar saqlanib qolayotgani haqida shikoyatlar koʻpaygan. Bundan tashqari, ayrim egalar ekran chekkalarida gʻayrioddiy rangli nuqtalar paydo boʻlganini maʼlum qilishdi.Mutaxassislar va xaridorlarning fikricha, bunday holat qimmatbaho flagman smartfonlar obroʻsiga putur yetkazishi mumkin. Avvalroq xuddi shu muammo bilan rasmiy servis markazlariga murojaat qilgan foydalanuvchilar ham yangi yangilanishdan soʻng kutilmagan nuqsonlarga duch kelishmoqda.
Samsung tavsiyalari va keyingi qadamlar
Hozirgi vaqtda mazkur nosozlik qanchalik keng tarqalgani hamda yangi paydo boʻlgan rangli nuqtalar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻrnatilgan patch bilan bogʻliqligi nomaʼlumligicha qolmoqda. Kompaniya vakillari vaziyatni diqqat bilan oʻrganib chiqishda davom etmoqda va muammoga duch kelgan isteʼmolchilarga oʻz vaqtida koʻrsatma bermoqda.Samsung rasmiy bayonotida taʼkidlanishicha, ekran ranglarining oʻzgarishiga Adaptive Color Tone, ranglarni toʻgʻrilash funksiyalari, Extra Dim hamda Eye Comfort Shield rejimlari ham taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu sababli, kompaniya foydalanuvchilarga avvalo displey sozlamalarini tekshirib koʻrishni tavsiya qilmoqda.
Agar ushbu choralar yordam bermasa, egalariga vakolatli servis markazlariga murojaat qilish tavsiya etiladi. Ommaviy shikoyatlar boshlanganidan buyon ikki oydan oshiq vaqt oʻtganiga qaramay, Samsung Galaxy S26 Ultra ekranidagi bu nosozlikni toʻliq bartaraf etish uchun universal yechim topgani yoʻq.






























Izohlar 0
…