Venada 673 brilliantli malika marjoni kunduzi o‘g‘irlandi

Venada 673 brilliantli malika marjoni kunduzi o‘g‘irlandi

Avstriya poytaxti Venada qimmatbaho tarixiy taqinchoqning o‘g‘irlanishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Amaliy san’at muzeyida namoyish etilgan, Misrning sobiq qirolichasi Nazli Sabriga tegishli bo‘lgan noyob marjon kunduzi, muzey tashrif buyuruvchilar uchun ochiq paytda o‘g‘irlab ketilgan.

Hodisa 27 avgust kuni taxminan soat 14:00 atrofida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki nafar noma’lum shaxs oddiy mehmonlar kabi chipta sotib olib, muzeyga kirgan.

Ular fransuz zargarlik uyiga bag‘ishlangan ko‘rgazma joylashgan zalga yo‘l olgan. Kutilmaganda esa bolg‘a yordamida qimmatbaho eksponat saqlanayotgan shisha vitrinani sindirib, marjonni olib qochishgan.

To‘q ko‘k fonda olmosli marjon va boshqa zargarlik buyumlari ko‘rgazmasi.

Jinoyatchilardan birida o‘qotar qurol bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Shu sababli muzey xavfsizlik xodimlari ularga qarshilik ko‘rsata olmagan.

O‘g‘irlangan taqinchoqning o‘zi esa haqiqiy san’at durdonasi hisoblanadi. Platinadan tayyorlangan marjonga jami 673 ta brilliant o‘rnatilgan bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi 200 karatdan oshadi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob taqinchoq 1939 yilda Misr qirolichasi Nazli Sabri uchun maxsus tayyorlangan.

Marjonning qiymati ham uning noyobligiga mos. Zargarlik uyi ushbu taqinchoqni 2015 yilda Nyu-Yorkdagi auksionda 4,3 million dollarga sotib olgan.

Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar qimmatbaho marjonni qidirish va jinoyatchilarni aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda. Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu noyob taqinchoqning qayerga yo‘qolgani esa hozircha noma’lum.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar