Fransiyalik sevishganlar nikohdan oldin aka-singil emasligini tekshirishdi

Fransiyalik Artur Kermalvezen donor urug‘idan tug‘ilgani sababli bolaligidan o‘z biologik otasini izlab yashadi. U ko‘chadagi erkaklar, hatto o‘qituvchilarini ham ehtimoliy otasi bo‘lishi mumkin deb o‘ylardi.
Voyaga yetgach, u donor farzandi bo‘lgan Odri bilan 2010 yilda Parijda tanishdi. Odri bu uchrashuvni «bir qarashda sevgi» deb ta’riflaydi. Ammo ularning munosabatida jiddiy muammo bor edi: ikkalasi ham Parijdagi donorlik tizimi orqali tug‘ilgan va bir donorning farzandlari, ya’ni yarim aka-singil bo‘lishlari ehtimoli mavjud edi.
O‘sha paytda Fransiyada uy sharoitida DNK testlari taqiqlangan, donorlar esa qonun bilan anonim saqlangan. Shu bois juftlik qarindosh yoki qarindosh emasligini aniqlashda katta qiyinchilikka duch keldi.
Nihoyat, Janubiy Fransiyadagi shifokor 900 yevro evaziga ularga genetik tekshiruv o‘tkazdi. Natija Artur va Odri qarindosh emasligini ko‘rsatdi. Biroq tekshiruv qonun doirasida amalga oshirilmagani ularda shubha qoldirdi.
Odri, yurist sifatida, donorlik tizimidagi qonunlarni o‘zgartirish uchun bir necha yil sudlashdi. U donorining shaxsi, sog‘lig‘i va boshqa farzandlari haqida ma’lumot olishni istardi. Biroq 2015 yilda Fransiyaning eng yuqori ma’muriy sudi uning so‘nggi apellyatsiyasini ham rad etdi.
Shunga qaramay, juftlik 2013 yilda «taqdirga ishonib» turmush qurdi. Keyinchalik shifokorlar ularning donorlari turli yillarda tug‘ilganini aniqlab, bir odam bo‘lishi mumkin emasligini ma’lum qildi.

Biroq Arturning shubhasi to‘liq yo‘qolmadi. Oxir-oqibat ular uy sharoitida DNK testini topshirishdi. Natija ularning qarindosh emasligini yana bir bor tasdiqladi.
Test Odri uchun yanada hayratlanarli ma’lumotlarni ochdi. U o‘zining biologik singlisi Sofi bilan avval sudda tanishganini bildi. Ular bir-birining huquqiy ishlarida ishtirok etgan bo‘lsa-da, aslida bir donorning farzandlari ekan.
Odri va Artur bilan birga test topshirgan yana sakkiz nafar donor farzandidan ikki juft ham bir donorga tegishli ekani aniqlandi.
2017 yilda Artur nihoyat biologik otasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik Odri ham o‘z donori Filippni topdi, ammo u vafot etgan edi. Filippning oilasi Odrini iliq kutib oldi va unga uning suratlari, videolari hamda oilaviy tarixi haqida ma’lumot berdi.
Odrining huquqiy kurashi Fransiyada donor farzandlarining huquqlari o‘zgarishiga turtki bo‘ldi. 2025 yil aprelidan keyin tug‘ilgan donor farzandlari voyaga yetgach, donorining shaxsini bilish huquqiga ega bo‘ldi.
Odri esa hanuz o‘z qarashida qat’iy: «Har bir inson o‘z kelib chiqishi va tarixini bilish huquqiga ega».






























Izohlar 0
…