Samolyotda janjal qilgan yo‘lovchini skotch bilan o‘rindiqqa bog‘lab qo‘yishdi

Samolyotda janjal qilgan yo‘lovchini skotch bilan o‘rindiqqa bog‘lab qo‘yishdi

AQSHda Dallasdan Nyuark shahriga parvoz qilayotgan American Airlines samolyotida yo‘lovchi janjal ko‘tarib, bort kuzatuvchisini haqorat qildi va boshqa yo‘lovchilarga tashlandi. Shundan so‘ng bir nechta yo‘lovchi uni ushlab, skotch va plastik bog‘ichlar yordamida o‘rindiqqa bog‘lab qo‘ydi. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak o‘zini mast odamdek tutgan. U samolyot ichida baqirib, Iso payg‘ambar va do‘zax haqida gapirgan hamda bort kuzatuvchisini haqorat qila boshlagan.

Keyinchalik vaziyat yanada keskinlashgan. Yo‘lovchi yonida o‘tirgan kishini urgan, mojaroni to‘xtatishga aralashmoqchi bo‘lgan ayolni esa itarib yuborgan.

Shundan keyin bir nechta yo‘lovchi birgalikda uni ushlashga muvaffaq bo‘lgan. Ular erkakni skotch hamda plastik bog‘ichlar bilan o‘rindiqqa qimirlay olmaydigan qilib bog‘lab qo‘yishgan.

Janjal sabab samolyot o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, Baltimorga majburiy qo‘ngan. U yerda politsiya bezori yo‘lovchini qo‘lga olgan. Shundan so‘ng samolyot Nyuark shahriga parvozini davom ettirgan.

American Airlines kompaniyasi ham bezori yo‘lovchi sabab samolyot majburiy qo‘nganini tasdiqladi. Kompaniya bortda zo‘ravonlik va tajovuzkor xatti-harakatlarga toqat qilinmasligini bildirdi. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan tajovuz qilish va jamoat tartibini buzish holatlari bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda.

Shunga o‘xshash holat kuni kecha Qozog‘istonda ham kuzatilgan edi. Olmaota—Oqtov reysi yo‘lovchisi yukida portlovchi modda borligiga shama qilib, samolyotdan tushirib qoldirilgan.

Tekshiruvlar davomida uning yukidan hech qanday taqiqlangan buyum topilmagan. Biroq fuqaroga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar