Olimlar yosh o‘tishi bilan xotira nega yomonlashishini aniqladi

Olimlar yosh o‘tishi bilan xotira nega yomonlashishini aniqladi

Olimlar yosh o‘tishi bilan xotiraning yomonlashishi shunchaki ma’lumotlarning «o‘chib ketishi» bilan bog‘liq emasligini aniqladi. Yangi tadqiqotga ko‘ra, miya vaqt o‘tishi bilan ayrim voqealarning aniq tafsilotlarini qayta tiklash o‘rniga, ularni umumiy kategoriyalar bilan aralashtira boshlaydi. Bu jarayon xotiradagi chalkashliklarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Tadqiqot Cerebral Cortex jurnalida chop etilgan.

Tadqiqot Bingemton universiteti olimlari Destav Mekbib va Ien Makdonaf tomonidan olib borilgan. Unda 18–74 yoshdagi 61 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Ular uch guruhga bo‘lingan: 18–30 yoshdagi 17 nafar yosh, 50–60 yoshdagi 21 nafar o‘rta yoshli va 61–74 yoshdagi 23 nafar katta yoshli ishtirokchi.

Tajriba davomida ishtirokchilarga turli yuzlar obyektlar yoki manzaralar bilan juftlab ko‘rsatilgan. Keyinchalik ulardan aynan qaysi obyekt yoki manzara muayyan yuz bilan bog‘langanini eslash so‘ralgan. Bu jarayonda ularning miyasi funksional MRT yordamida kuzatilgan.

Tadqiqotchilar asosiy e’tiborni xotira uchun muhim bo‘lgan gippokamp faoliyatiga qaratgan. Miya yangi ma’lumotni qabul qilgandan so‘ng, gippokamp ushbu xotira izlarini qayta faollashtiradi. Yosh odamlarda bu jarayon aniq xotirani qayta tiklashga yordam bergan. Yoshi katta ishtirokchilarda esa xuddi shunday qayta faollashuv ayrim hollarda noto‘g‘ri obyekt yoki manzarani tanlash bilan bog‘langan.

Natijalarga ko‘ra, yosh ishtirokchilar topshiriqlarning o‘rtacha 36 foizini to‘g‘ri bajargan. 50–60 yoshdagi guruhda bu ko‘rsatkich 24 foiz, 61–74 yoshdagilarda esa 20 foizni tashkil etgan. Tadqiqotda yosh ortishi bilan xotiraning assotsiativ aniqligi pasaygani kuzatilgan.

Qizig‘i shundaki, tadqiqotchilar xotira bilan bog‘liq o‘zgarishlar faqat keksalikda paydo bo‘lmasligini qayd etmoqda. Bingemton universiteti olimlari xotira aniqligidagi sezilarli pasayish 50 yoshlar atrofidayoq namoyon bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Shu sababli o‘rta yosh miya va xotira faoliyatidagi muhim o‘tish davri bo‘lishi mumkin.

Olimlarning fikricha, bu mexanizmning o‘zi yomon hodisa emas. Inson miyasining turli voqealardan umumiy xulosalar chiqarishi kundalik hayotda qaror qabul qilishga yordam beradi. Muammo yosh o‘tishi bilan umumiy tasavvurlar konkret tafsilotlarni siqib chiqara boshlaganida yuzaga keladi.

Tadqiqotchilar ushbu natijalar kelajakda yoshga bog‘liq normal xotira o‘zgarishlarini boshqa jiddiy kognitiv muammolardan farqlash hamda xotira aniqligini saqlashga qaratilgan usullarni ishlab chiqishda yordam berishiga umid qilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar