Koinotda qattiq rux asosidagi Xoll dvigateli sinovdan oʻtkazildi

Muon Space kompaniyasi koinotda tarixda ilk bor qattiq ruxni ishchi tana sifatida ishlatuvchi Xoll dvigatelini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Starlight deb nomlangan qurilma birinchi urinishdayoq ishga tushib, kosmik apparat traektoriyasini oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi va bu Yerosti kuzatuvlari orqali toʻliq tasdiqlandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mazkur muhim sinov 1-iyul kuni SERT-III kosmik apparati yordamida amalga oshirildi. Ushbu missiya yangi turdagi dvigatel qurilmasini real orbital sharoitda tekshirish uchun maxsus tayyorlangan edi. Telemetriya maʼlumotlari dastlabki yerusti sinovlari natijalari bilan toʻliq mos keldi. Tizim ruxni barqaror tarzda uzatib, bugʻlantirdi va dvigatel hisoblangan oʻlchamdagi tortish kuchini hosil qildi.
Anʼanaviy gazlarga muqobil yechim
Ayni paytda sunʼiy yoʻldoshlardagi aksariyat zamonaviy Xoll dvigatellari ksenon yoki kriptondan foydalanadi. Biroq bu gazlarni yuqori bosim ostida saqlash talab etiladi, buning uchun esa qoʻshimcha ballonlar kerak boʻlib, ular apparatning ogʻirligini oshiradi va tuzilishini murakkablashtiradi. Starlight esa qattiq rux bilan ishlaydi va yuqori bosimli rezervuarga ehtoj qoldirmaydi.Ruxning yana bir muhim afzalligi uning arzonligi va xomashyoning keng qamrovda mavjudligidir. Bu yirik sunʼiy yoʻldosh guruhlari uchun oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bitta apparat dvigatelining tannarxini biroz pasaytirish ham oʻnlab yoki yuzlab sunʼiy yoʻldoshlardan iborat tizimlar miqyosida ulkan iqtisodiy tejamkorlikni taʼminlaydi.
Kelajakdagi rejalar va xavfsizlik choralari
Muon Space kompaniyasi Starlight dvigatelidan sunʼiy yoʻldoshlar orbitasini koʻtarish va toʻgʻrilash, ularni belgilangan holatda ushlab turish hamda apparatlarni orbitadan boshqariladigan tarzda chiqarish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda. Hozirgi versiya kichik va oʻrta oʻlchamdagi sunʼiy yoʻldoshlarga moʻljallangan.Sinov jarayonida muhandislar bugʻlangan rux qurilma sirtining ifloslanishiga olib kelish-kelmasligini ham tekshirdilar. Datchiklar dvigatel yaqinida dastlabki konservativ hisob-kitoblarda taxmin qilinganidan kamroq chiqindi qoldiqlari borligini aniqladi. Olingan maʼlumotlar ruxning tarqalishi va uning sunʼiy yoʻldosh jihozlariga taʼsirini aniqroq modellashtirishga yordam beradi.
Keyingi bosqichda Muon Space Starlightʼni tijoratda qoʻllashga tayyorgarlik koʻradi. Kompaniya qurilmaning ishonchliligini oshirish, uning seriyali ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyish va ishchi tana chiqindilarini boshqarishni optimallashtirish niyatida. Agar keyingi tekshiruvlar ilk tajriba natijalarini toʻliq tasdiqlasa, qattiq metall sunʼiy yoʻldoshlar elektr dvigatellarida anʼanaviy gazlarning amaliy muqobiliga aylanishi mumkin.






























Izohlar 0
…