BRIKS yagona valyuta g‘oyasidan voz kechdi: Dehli sammitining asosiy qarorlari

Hindiston poytaxti Nyu-Dehlidagi «Bharat Mandapam» markazida bo‘lib o‘tgan 18-BRIKS sammiti yakunlari bo‘yicha 140 banddan iborat Nyu-Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.
Sammitning eng shov-shuvli mavzularidan biri — blokning yagona valyutasi haqidagi taxminlarga rasman nuqta qo‘yildi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi kotibi Sudhakar Dalela Nyu-Dehlida o‘tkazilgan brifingda alyans umumiy yagona pul birligini yaratish masalasini ko‘rib chiqmayotganini tasdiqladi.
Asosiy urg‘u yagona sun’iy valyutaga emas, balki o‘zaro savdo va investitsiyalarda har bir davlatning o‘z milliy valyutasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanishga qaratildi. Buning uchun xalqaro to‘lovlarni tezkor, arzon va xavfsiz amalga oshiruvchi muqobil tranzaksiya mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘z nutqida XX asr o‘rtalarida tashkil etilgan xalqaro institutlar — BMT, uning Xavfsizlik Kengashi, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki bugungi kun realligini aks ettirmayotganini ta’kidlab, rivojlanayotgan davlatlar («Global Janub») manfaatlarini inobatga olgan holda keng qamrovli islohotlar o‘tkazishga chaqirdi.
Shuningdek, deklaratsiyada Butunjahon Savdo Tashkilotining (BST) nizolarni ko‘rib chiquvchi Apellyatsiya organi faoliyatini zudlik bilan tiklash, bir tomonlama sanksiyalar hamda proteksionistik tariflarni cheklash, Dilma Russeff boshchiligidagi Yangi Taraqqiyot Banki (BRIKS banki) orqali infratuzilma loyihalarini milliy valyutalarda moliyalashtirishni kengaytirish va «BRIKS G‘alla birjasi»ni ishga tushirish kabi tashabbuslar ma’qullandi.
Mazkur qarorlar O‘zbekiston uchun ham tashqi savdoda uchinchi tomon cheklovlarisiz, asosiy sheriklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri milliy valyutalarda hisob-kitob qilish va muqobil logistika yo‘laklari imkoniyatlarini kengaytirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
2027 yilda BRIKS raisligi Xitoyga o‘tadi va 19-sammit Pekinda bo‘lib o‘tadi.































Izohlar 0
…