27 yoshli inflyuyenser tibbiy amaliyotdan so‘ng vafot etdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Finlyandiyalik 27 yoshli inflyuyenser Oliviya Oras 2 sentyabr kuni Xelsinkida muvaffaqiyatsiz tibbiy amaliyotdan so‘ng vafot etdi.
- Uning ota-onasi bu kutilmagan hodisa ekanligini ma’lum qildi va oila a’zolari shaxsiy hayotga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni so‘radi.
- Oliviya 1998 yilda tug‘ilgan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda katta shuhrat qozongan, hatto uning hayoti haqida hujjatli film ham olingan.
Finlyandiyada taniqli inflyuyenser va ijtimoiy tarmoqlarning ilk mahalliy yulduzlaridan biri Oliviya Oras 27 yoshida vafot etdi. U 2 sentyabr kuni Xelsinkida muvaffaqiyatsiz tibbiy amaliyot bilan bog‘liq holatda hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda uning ota-onasi ma’lum qildi.
Oliviyaning yaqinlari uning vafoti kutilmaganda yuz berganini aytgan. Oila a’zolari uning o‘limi tafsilotlarini oshkor qilmaslikni so‘rab, hozircha shaxsiy hayotiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni iltimos qildi.
Oliviyaning do‘stlaridan biri mahalliy OAVga bergan ma’lumotida uning o‘limi o‘z nazoratidan tashqari bo‘lgan holatlar bilan bog‘liq ekanini aytdi. Shuningdek, ushbu voqea yuzasidan qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkinligini bildirdi.
Oliviya 1998 yilda san’at dileri Reyjo Oras, 80 yosh va Yoxanna Oras, 56 yoshning yagona farzandi sifatida dunyoga kelgan.
U o‘smirlik davridayoq ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishgan. Faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida uning internetda qariyb 40 ming nafar kuzatuvchisi bo‘lgan. Oliviyaning hayoti haqida hatto “The Perfect Selfie” nomli hujjatli film ham suratga olingan.

Keyinchalik u ommaviy e’tibordan biroz chetga chiqib, marketing, moda, sun’iy intellekt kompaniyalari hamda onasiga tegishli Kallary dizayn kompaniyasida faoliyat yuritgan.
2025 yilda esa Oliviya o‘pka kasalliklari bo‘yicha tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Oras Respiratus tashkilotiga asos solgan.
U vafotidan to‘rt kun oldin Norvegiyaning Bekkyarvik shahridagi Mishlen yulduziga ega restorandan jufti Oskar Komulaynen bilan birga surat joylagan. Ular Oskarning tug‘ilgan kunini nishonlagan.
Oliviya ushbu postda: “Biz bu kechani albatta hech qachon unutmaymiz”, deb yozgan.
Taniqli tadbirkor Peter Vesterbaka ham Oliviyani vafotidan bir necha kun oldin Turku shahrida ko‘rganini aytdi.
“Bu xabar hamma uchun kutilmagan bo‘ldi. U juda yaxshi va aqlli yosh ayol edi. Hali ham 'bu qanday bo‘lishi mumkin?' deb o‘ylayapman”, — dedi u.

Raqs maktabi rahbari Anitra Ahtola ham Oliviya xotirasiga bag‘ishlab ta’sirli so‘zlar qoldirdi.
“Sen juda erta ketding. Sen va Osku o‘rtasidagi muhabbat haqiqatan ham alohida edi”, — deb yozdi u.
Shanba kuni Oliviyaning onasi qizining surati tushirilgan ramkani, uning yoniga qo‘yilgan atirgul va sham bilan birga ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
“Oliviya 1998–2026. Keling, uni o‘zi sevgan platformasida eslaylik”, — deb yozdi Yoxanna Oras.
Hozircha Oliviya Orasning o‘limi yuzasidan rasmiy tibbiy bayonot e’lon qilinmagan.






























Izohlar 0
…